Jinoyat qonunida shaxsning faol ijobiy xulq-atvorini rag‘batlantirishga va shu orqali jinoyatning oldini olishga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni bartaraf etishga qaratilgan qator rag‘batlantiruvchi normalar mavjud. Bu normalarni kuchaytirish qanday natija beradi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Mirsaid Haydarov shu haqda ma’lumot va taklif berdi:
– Shaxsning ijobiy xulq-atvori inobatga olinishi tarbiyaviy omil sifatida xizmat qiladi va bu qonunlarga rioya etishga undaydi. Shu sababli, Jinoyat kodeksida rag‘batlantiruvchi normalar belgilangan.

Bu shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, jazoni yengillashtirish yoki jinoiy qilmishning shaxs uchun noqulay bo‘lgan boshqa huquqiy oqibatlarini bartaraf etishda ifodalanadi.
Rag‘batlantiruvchi normalar adashgan, tasodifan jinoyat sodir etgan shaxslarga normal hayotga qaytish imkonini beradi.
Boshqacha aytganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismidagi rag‘batlantiruvchi normalar muayyan jinoiy qilmishning tarkibiga xos xususiyatlar bilan bog‘liq ijobiy xulqni rag‘batlantirishning maxsus holatidir.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlandi.
Konsepsiyaga muvofiq, jazoni yengillashtirish yoki shaxsni jinoiy javobgarlik yoxud jazodan ozod qilish shartlarini o‘rnatuvchi normalar kengaytirildi.
Jinoyat kodeksi Maxsus qismida nazarda tutilgan moddalarning 48 tasi (16,6 foizi)da rag‘batlantiruvchi normalar nazarda tutilgan.
Muayyan talablar bajarilganda, ularning 25 tasi (52 foizi)da javobgarlikdan ozod qilish, 12 tasi (25 foizi)da ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasida jazo qo‘llanilmasligi, 4 tasi (8,3 foizi)da ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasida jazo qo‘llanilmasligi hamda javobgarlikdan ozod qilish, 5 tasi (10,4 foizi)da jazodan ozod qilish, 2 tasi (4,2 foizi)da esa jazodan va javobgarlikdan ozod qilish belgilangan.
Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismida qilmish sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinishini nazarda tutuvchi rag‘batlantiruvchi norma mavjud. Bu esa, o‘z navbatida, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi va iste’molining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish jinoyati bo‘yicha tadqiqot olib borgan olimlar ham kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik belgilangan moddaga rag‘batlantiruvchi normani kiritish shaxsning ijobiy xulq-atvorini rag‘batlantirish imkonini beradi.
Xorijiy davlatlarning jinoyat qonunchiligi tahlili ayrim davlatlar qonunchiligida ham ushbu jinoyatlar uchun rag‘batlantiruvchi normalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Yuqoridagi tahlillarga asosan, Jinoyat kodeksining 251-1-moddasiga quyidagi tahrirdagi rag‘batlantiruvchi normani kiritish maqsadga muvofiq:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi”.
Mazkur moddaga rag‘batlantiruvchi normani kiritish jinoyat qonunini liberallashtirish siyosati davom etishiga yo‘l ochadi. Mamlakatimiz jinoyat-huquqiy siyosatining xalqaro-huquqiy siyosat bilan uzviy hamohangligi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, aniqlash, tez va to‘la fosh etishda yuqori samara beradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA