Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova hamda Mirobod tuman Kengashi deputati A.Karimov 3-sonli Toshkent shahar klinik shifoxonasida bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida shifoxona kirish foyesi, birinchi qavati hamda ikkinchi qavatining yarmi ta’mirtalab holatga kelib qolgani, bu esa bemorlar va tashrif buyuruvchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aniqlandi.

Mavjud holatdan kelib chiqqan holda shifoxona rahbari "Tashabbusli byudjet"ning birinchi mavsumida ishtirok etishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, jarayonlarda g‘olib bo‘lmagan, biroq ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalar orasidan qo‘shimcha g‘oliblarni tanlash vakolati doirasida shifoxonani ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishda amaliy yordam so‘rab, murojaat qildi.

Shu kunning o‘zida deputatlar tumandagi 213-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Uchrashuvlar chog‘ida Barotxo‘ja, Bayot va Qo‘yliq ota mahallasi fuqarolari, nuroniylar hamda xotin-qizlar tomonidan muhim ijtimoiy tashabbus ilgari surildi. Xususan, maktab hududida maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etish, shuningdek, maktabga tutash hududda mavjud bo‘sh yer maydonida bolalar o‘yin maydonchasi qurish takliflari atroflicha o‘rganildi.
M.Komilova, O‘zA