English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Miroboddagi qurilish maydonida daraxtzorlar yo‘qolib bormoqda — deputat so‘rov yubordi
15:09 / 2025-07-23

Yashillik, daraxt va butalarni ko‘paytirish ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, yashil maydonlarni kengaytirish, mavjud daraxtlarni saqlab qolish va asrab-avaylash dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan. Ammo shunga qaramay, ming afsuski, hamon qurilish jarayonlarida daraxtlarni kesish, yashil hududlarga putur yetkazish holatlari to‘xtamayapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirobod tumani Yangi Mirobod mahallasi Avliyoota ko‘chasi 124-uy manzilida yashillik va daraxtzorlar yo‘qolib, o‘rniga tuproq yer yuzaga kelgani hamda ushbu manzilda qurilish ishlari amalga oshirilayotgani yuzasidan ma’lumotlar tarqaldi. Xabarlarga ilova qilingan fotosuratlarda ushbu yer uchastkasining oldingi va hozirgi holati aks etgan bo‘lib, unda hududdagi yashillik keskin kamayib ketganini ko‘rish mumkin.

Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologik partiyasi ma’lum qildi.

So‘rovda bir qator savollar qo‘yilgan.  

Jumladan, mazkur hududdagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilganmi, daraxtlarni yo‘q bo‘lganlik holati nima bilan izohlanadi?  

Ushbu yer uchastkasi tadbirkorlik sub’ektiga ajratilishida yer qonunchiligi talablariga rioya etilganmi, qurilishning amalga oshirilishi Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasiga muvofiqmi?  

Qurilayotgan ob’ekt ekologik talablarga muvofiqligi yuzasidan ekologik ekspertizadan o‘tkazilganmi, qurilish jarayonida daraxtlar kesilishining oldini olish va saqlab qolish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilgan?

Darhaqiqat, deputat so‘rovida haqli savollar ko‘tarilgan. Zero, har bir yer uchastkasini ajratishda yer qonunchiligi talablariga rioya etish, qurilishni amalga oshirish davomida ekologik talablarga javob berish lozim. Shunday ekan, deputat tomonidan ko‘tarilgan savollarning javobini kuzatib boramiz.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA