Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mirjamol Yunusov: qishki sport turlarida tarixiy natijalarga erishilmoqda
12:32 / 2025-12-18

Kelayotgan 2026 yilning eng muhim sport musobaqalaridan biri Italiyada tashkil etiladigan qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridir.

Yangi yilning fevral va mart oylarida Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya  o‘yinlarida dunyoning eng mahoratli sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib borishga hozirlanmoqda.

6-22 fevral kunlari XXV qishki Olimpiya o‘yinlarida 80 dan oshiq davlatning eng mahoratli sportchilari 8 ta sport turining 16 ta yo‘nalishida 116 ta medallar shodasiga da’vogarlik qilishi kutilmoqda.

Boshlanishiga 50 kunga yaqin vaqt qolgan to‘rt yillik bahslarda bugungacha 2 ming 900 nafarga yaqin sportchilar qishki Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun yetarli reyting ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

Xo‘sh, to‘rt yillikning eng muhim sport tadbiri bo‘lgan bu galgi o‘yinlarda O‘zbekiston sportchilari qaysi yo‘nalishlarda ishtirok etish huquqiga ega chiqdi? Tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Mirjalol Yunusov bilan suhbatimiz shu haqda hamda ortda qolayotgan 2025 yilgi natijalar xususida bo‘ldi.

– Bugungacha yurtimiz sportchilari to‘rt yillikning eng muhim sport tadbiri bo‘lgan qishki Olimpiya o‘yinlarining nechta yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi?

– Haqiqatan, kelayotgan yangi yilning eng asosiy sport tadbiri bu,  XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlaridir. Yil davomida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kechgan bahslar va uning doirasidagi o‘quv-mashg‘ulotlarga 19 nafar sportchi hamda 17 nafar murabbiy-mutaxassis jalb qilingan bo‘lsa, bugungacha yurtimizning qishki sport turlari vakillari 4 ta yo‘llanma sohibi bo‘ldi.

– Italiyada bo‘ladigan qishki musobaqalarda o‘zbekistonlik sportchilar qaysi yo‘nalishlarda qatnashadi?

– Qishki sport turlari bo‘yicha Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan jahon va qit’a chempionatlarida, saralash turnirlarida ishtirok etgan sportchilarimizning sa’y-harakati tufayli 4 ta Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Bular: figurali uchishning juftlik, tog‘ chang‘isi va short-trek yo‘nalishlari.

– Aynan qaysi sportchilarimiz Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilishi ma’lum bo‘ldimi?

– Hozirda qishki sport turlari bo‘yicha xalqaro federatsiyalarda har bir sportchining yil davomidagi ko‘rsatkichlari tahlil etilmoqda. Ushbu jarayon yakunlangandan so‘ng 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qishki Olimpiya o‘yinlarida qatnashadiganlar ro‘yxati e’lon qilinadi. Shu sababli mamlakatimiz terma jamoasi a’zolaridan qaysi birlarining imkoniyati yuqori baholansa, o‘shalar o‘yinlarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

– Olimpiya o‘yinlarida kutilayotgan natijalar xususida nima, deya olasiz?

– Katta sportda oldindan bir gap aytish qiyin. Qolaversa, Olimpiya o‘yinlarida eng kuchli, katta tajribaga ega bo‘lganlar qatnashadi. Ular o‘rtasida kechadigan bahslarni oldindan bashorat qilish murakkab. Biz uchun eng asosiysi, qishki Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning ishtiroki sababli O‘zbekiston nomi jaranglab turadi. O‘ylaymanki, sportchilarimiz yaxshi natija ko‘rsatish uchun borini berib harakat qiladi.

– O‘tayotgan 2025 yil davomida mamlakatimizning qishki sport turlari vakillari qanday musobaqalarda, turnirlarda, xalqaro yig‘inlarda ishtirok etdi?

– Biz uchun e’tiborli jihat, 2025 yil yurtimiz qishki sport vakillari uchun omadli bo‘ldi. Katta maqsadlar uchun poydevor yaratildi. Tog‘ chang‘isi va para tog‘ chang‘isi, konkida figurali uchish va konkida yugurish, short-trek, biatlon, chang‘i alpinizm yo‘nalishlaridagi musobaqalarda yosh sportchilarimiz katta tajriba to‘pladi. Umumiy hisobda sportchilarimiz 16 ta xalqaro musobaqalar hamda 21 ta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashishi ta’minlandi.

Joriy yilning 7-14 fevral kunlari Harbin shahrida o‘tgan IX Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz 6 ta sport turida 24 nafar sportchi bilan ishtirok etib, figurali uchishning juftlik dasturida ilk oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston umumjamoada 5-o‘rinni egalladi.Xokkeychi yoshlarimiz Tailandda o‘tgan jahon chempionatida 1-o‘rinni egallab, 2026 yilgi dunyo birinchiligiga yo‘llanmaga ega chiqdi. Shunday qilib, yilni qishki sport turlarida o‘ziga xos natijalar bilan yakunlamoqdamiz.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA