Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Miraki gardens”: agroturizmning yangi sahifasi
17:32 / 2025-07-14

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani “Uloch” mahallasiga qarashli tog‘ yon bag‘rida “Miraki gardens” agroturizm kompleksi tashkil etildi. Bu sayyohlar uchun qulay imkoniyatlarni taqdim etadi. Lyuks sharoitli mehmonxona, yer osti xobbit uylari, 30 gektarga yaqin o‘rmonzor, 250 gektardan ziyod sarxil mevali bog‘ va uzumzorlar, 120 o‘ringa mo‘ljallangan ochiq osmon usulidagi restoran va boshqa xizmatlar sayyohlar xizmatiga shay.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida ushbu agroturizm majmuasi faoliyati bilan tanisharkan, “Cho‘l-adirlarni o‘zlashtirishimizga shubha qilganlar shu bog‘ni kelib ko‘rsin”, deya e’tirof etgani bejiz emas.

Kompleksda ayni paytda qurilish ta’mirlash ishlari yakuniy pallaga kirgan. 

– Yurtimizda hordiq chiqaradigan maskanlar ko‘p, lekin bu kabi samarasiz hududdan qilingan agroturizm majmuasi nafaqat mamlakatimizda, balki O‘rta Osiyoda yagona, – deydi “Antexnas” MCHJ uchastka boshlig‘i Baxtiyor Rahmonov. – Ya’ni bir so‘z bilan aytganda yangidan tashkil qilingan mehmonxona va agroturizm majmuasi barpo etilmoqda. Hududda uzum, olma, anor, nashvati kabi sarxil mevali bog‘ va tokzorlar tashkil qilindi. Kelajakda yetishtirilgan mevalarni eksport qilish ham reja qilingan. 500 ming kubalik muzlatkich ham quriladi. Mahsulotlar o‘z vaqtida mahalliy bozorga chiqarib, ortganini quritib, qadoqlab, chet elga eksport qilish mo‘ljallangan. Bu yerda yilning to‘rt faslida ham mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatiladi. Yozda meva va sabzavotlar, qishda esa yovvoyi tabiat va sokinlikni taklif qilamiz. Shahar shovqinidan charchagan kishi borki, bu yerda madaniy hordiq chiqaradi. Shuningdek, chorvachilik kompleksi ham tashkil qilinmoqda. Tashrif buyuruvchi mehmonlar sut va sut mahsulotlarini shu yerning o‘zida tabiiy iste’mol qilish imkoniga ega bo‘ladi. Mehmonxona va xobbit uylarimizda ayni kunlarda so‘nggi pardozlash ishlari bajarilmoqda. Nasib etsa Mustaqillik bayrami arafasida ob’ektni to‘liq ishga tushirishni mo‘ljallayapmiz. 

[gallery-24303]

Darhaqiqat, 2 qavatli mehmonxona binosida 13 ta xona jami 34 kishiga mo‘ljallangan. Yer osti lyuks mehmonxona uyida 6 ta xona bo‘lib, 12 kishini o‘z bag‘riga oladi. 4 ta yer osti xobbit uylarining har birida 3 tadan xona bo‘lib, 24 kishiga xizmat qiladi va takrorlanmas lahzalarni taqdim etadi. 

Terassa usulida tashkil qilingan bog‘ va tokzorlar esa meva sabzavot mahsulotlarini shu yerning o‘zida iste’mol qilish imkonini beradi. 

– Agroturizm kompleksi 520 gektar maydonni egallagan bo‘lib, shundan 250 gektarida bog‘ va tokzorlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan, – deydi bosh agronom Nodir Chorshanbiyev. – Hozirgi kunda uzumzor, olmazor, gilos, o‘rmon mevalari, assortiment bog‘, nokzorlar tashkil qilingan. Hammasiga avtomatik boshqarish imkoniga ega bo‘lgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Agrotexnikasini doimiy ravishda nazorat qilib boryapmiz. 

So‘lim tabiatli ushbu maskanning foydalanishga topshirilishi natijasida 350 ta doimiy, mingdan ziyod mavsumiy ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan va eng muhimi ishchilarning barchasi hududdagi mahalliy aholidan olinishi belgilangan. 

Xulosa qilib aytganda, samarasiz foydalanib turilgan qir-adirlikda tashkil qilingan “Miraki gardens” agroturizm kompleksida kelgusida sayyohlarga fermerlik, chorvachilik, bog‘dorchilik va boshqa agrar sohalarni yaqindan ko‘rish va ularda ishtirok etish imkonini beruvchi qulay shart-sharoitlar yaratiladi va sayyohlarning eng sevimli maskaniga aylanadi. 

Bu kabi agroturizm majmualari, ayniqsa, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Germaniya va AQSHda keng rivojlangan bo‘lib, turizm sohasining serdaromad yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Masalan, Italiyaning qishloq hududlari, ayniqsa, Toskana va Umbriya mintaqalari agroturizm uchun juda mashhur. U yerda sayyohlar uzumzorlarda ishlash, mahalliy taomlarni tayyorlash va degustatsiya qilish, fermada yashash imkoniga ega bo‘ladi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kQ7NBpTmJ_M" title="“Miraki gardens”: agroturizmning yangi sahifasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari