Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqaviy muloqot faqat fikr almashish emas, balki amaliy takliflar maydoni bo‘ldi
12:40 / 2025-11-13

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi doirasida beshta sessiya bo‘lib o‘tdi.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamenti hamda jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari har bir mavzu bo‘yicha amaliy takliflarni ilgari surdi. 

“Qaror qabul qilish jarayonida ayollarning ishtiroki: huquqlar, imkoniyatlar va mas’uliyat” mavzusidagi sessiyada “BMT-ayollar” tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Cheren Gyuven Gyuresh mintaqada ayollarning siyosiy hayotdagi ishtiroki ortib borayotganini qayd etdi, ammo keng ko‘lamli islohotlar hali ham davom etishi zarurligini ta’kidladi.

So‘zga chiqqanlar xotin-qizlarning siyosatdagi ishtiroki uchun qonuniy kafolatlarni yanada mustahkamlash zarurligi hamda ayollarning siyosiy faolligini cheklayotgan madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni bartaraf etishga urg‘u berdi.

Ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, siyosiy ta’lim va liderlik dasturlarini kengaytirish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega qizlar va ayollar jamoalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqildi.

“Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligi – iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlik manbai” mavzusidagi sessiyada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qonuniy va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratildi. 

Moliyaviy resurslarga yetishishdagi to‘siqlarni kamaytirish, biznesni raqamli iqtisodiyot va eksport bozorlariga integratsiya qilish, mintaqaviy qo‘shma startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yuritishda gender stereotiplar va ijtimoiy to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Ayollar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, o‘quv dasturlari, biznes-kouching, grantlar, eksport qo‘llab-quvvatlovi kabi amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

“Ayollar salohiyatini oshirishda ta’lim va reproduktiv salomatlik siyosati” mavzusidagi sessiyada qizlar va ayollarning zamonaviy bilimlar, STEM, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik sohalarida ta’lim olishi muhim ekani qayd etildi.

Mintaqada ta’lim dasturlari, telemeditsina va onlayn ta’lim platformalaridan foydalanish, qishloq va shahar ayollari o‘rtasida imkoniyatlar tengligini ta’minlash, davlatlar o‘rtasida kadrlar almashinuvi va tajriba almashishni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

“Innovatsiyalar, ommaviy axborot vositalari va iqlim siyosatida ayollar ishtiroki – imkoniyatlar va to‘siqlar” mavzusidagi sessiyada ayollarning rahbarlik va ilmiy-amaliy loyihalarga tayyorgarligini oshirish, mediasavodxonlik va innovatsiya sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish hamda barqaror va inklyuziv jamiyat qurishda ularning ishtiroki uchun aniq takliflar taqdim etildi. 

“Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish va huquqiy himoya” mavzusidagi sessiyada Oilada zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan qonunlar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Sessiya yakunida ayollarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda mintaqa davlatlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi. 

Muhimi sessiyalarda bildirilgan amaliy takliflar Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi yakunida qabul qilingan deklaratsiyada o‘z aksini topdi. 

N.Abduraimova,

O‘zA