Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqaviy loyiha yakuniga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi
11:56 / 2024-10-16

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan amalga oshirilgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil, sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Shu munosabat bilan Buxoroda o‘tkazilgan yakunlovchi seminarda FAO vakillari va olti ishtirokchi davlat texnik ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi.

Sessiyalarda loyihaning asosiy natijasi, shuningdek yer va suv resurslarini boshqarishga ta’sirni baholash orqali qurg‘oqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatarni bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyati tahlil qilindi.

Xalqaro tuzilma tomonidan GEF bilan hamkorlikda 2018 yil boshlangan Markaziy Osiyo va Turkiyada iqlim o‘zgarishi hamda yer degradatsiyasi oqibatini yumshatish, qishloq xo‘jaligi amaliyoti va yerni boshqarishning samarali strategiyasini joriy etishga qaratilgan CACILM-2 loyihasi qurg‘oqchilik va yer sho‘rlanishidan jiddiy zarar ko‘rayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlariga ko‘mak beradi.

[gallery-19773]

– Loyiha uchun Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari tanlab olingan edi, – dedi G‘AOning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Aynan tuproq degradatsiyasi va qurg‘oqchilikka uchragan yer bilan bog‘liq muammo yechimini topish uchun izlandik.

Erishilgan natija e’tirofga sazovor. Loyiha doirasida zarur asbob-uskuna yetkazib berildi, yerga ishlov bermasdan turib ekin ekish usuli qo‘llandi. Bu iqlim o‘zgarishini oldini olishga qaratilgan yangi texnologiya hisoblanadi. Mutaxassislar fermerlarga qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerda o‘sadigan, hosildorligi yuqori qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish amaliyotini ham ko‘rsatib berishdi.

Yig‘ilishda mintaqa aholisi soni o‘sish sur’ati va iqlim o‘zgarishi kabi omillar sabab Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv resurslari kamayishi, yaylovlar cho‘llanishi va ekin maydonlari eroziyaga uchrashi kabi jiddiy muammolarga duch kelayotgani ta’kidlandi. So‘nggi 30 yilda mamlakatlarimizda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi sezilarli darajada pasayib, ayrim ekinlar hosili 30 foizgacha kamaygani, natijada oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq xatar kuchayib, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam uchun qiyinchilik yuzaga chiqqani aytildi.

– Tashabbus doirasida takomillashtirilgan sug‘orish usullari va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshiruvchi texnologiyalar ishga tushirilib, mintaqada barqaror yer va suv resurslari boshqaruvi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish usullari joriy etildi, – dedi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Zero, suvni tejash bugungi kunda mintaqada eng dolzarb muammolardan biri sanaladi. Maqsadimiz tabiatga zarar yetkazmagan, kelgusi avlod uchun suv, yer resurslari, biologiya xilma-xilligini saqlab qolgan holda hozirgi avlod talab va ehtiyojini qondirishdir.

Anjumanning ikkinchi kuni ishtirokchilar loyiha doirasida barqaror qishloq xo‘jaligi texnologiyalari qo‘llashning amaliy natijasini ko‘zdan kechirdi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA