Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida tashkil etilgan anjumanda xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari konferensiyanining mintaqa mamlakatlari uchun muhim ahamiyat kasb etishi, mintaqalararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, hozirgi kundagi dolzarb muammolar va ularni hal etish yuzasidan bir qator takliflarini bildirib o‘tdi.
bugungi globallashuv asrida nafaqat mamlakatlar, balki mintaqalararo chegaralar ochilib, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilm-fan, xavfsizlik va boshqa sohalarda kuchli hamkorlikka ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. Shunday ekan mavjud muammolarni hal qilish va taraqqiyotga erishish uchun Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hamkorlikni yanada kuchaytirishi zarurati paydo bo‘lmoqda. Chunki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda”.
Shuningdek, konferensiyada davlatimiz rahbari qator takliflarni bildirdi. Jumladan, “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishni rag‘batlantirish va ekologiya masalalari, ayniqsa, bugungi kunda global muammoga aylanib borayotgan Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat va uning oqibatlarini yumshatish choralarini ko‘rish kerakligiga to‘xtaldi. Prezidentimiz Orol fojeasiga BMTda va boshqa xalqaro anjumanlarda har doim dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratib kelmoqda.
Konferensiyada Prezidentimiz turizm masalasida “Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini to‘liq ishga solish tarafdori” ekanligini alohida qayd etdi.
Koronavirus pandemiyasi davri jamiyatning barcha sohalari, shu jumladan, turizm sohasiga ham salbiy ta’sirini qo‘rsatdi. Eng katta zararni ushbu soha ko‘rdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida deyarli barcha davlatlar o‘z chegaralarini yopib, davlatlararo transportning barcha turlari to‘xtatildi. Bu esa butun dunyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiya jarayonlariga salbiy ta’sir qilib, birinchi navbatda dunyo bo‘ylab turistlar oqimini keskin kamaytirdi. Endi esa, mazkur sohani qayta tiklash va yanada rivojlantirish uchun davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “vaksinatsiya bo‘yicha o‘zaro tan olingan sertifikatlar asosida “Yangi sharoitdagi turizm” konsepsiyasini keng joriy etish zarur”.
Turizm – iqtisodiyotning rivojlanish jarayonini yanada tezlashtiruvchi omil sifatida muhim o‘rin tutadi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga, milliy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimizni dunyoga targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Konferensiyaning ahamiyati va unda bildirilgan takliflarning dolzarbligi to‘g‘risida konferensiya ishtirokchilari ham alohida ta’kidladi. Chunki Prezidentimiz aytib o‘tganidek, “o‘zaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib bo‘lmasligini chuqur anglash vaqti keldi”. Demak, hamkorlikni kuchaytirish borasida bu kabi anjumanlar, uchrashuvlar tez-tez o‘tkazib turilishi kerak.
Tojibay Romanov,
"Yuksalish" umummilliy harakati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
hududiy bo‘linmasi rahbari,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati.
O‘zA