2025 yil 6–7 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti, shubhasiz, mintaqaviy hamkorlik tarixida muhim voqealardan biri bo‘ldi. Ushbu sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslar nafaqat turk dunyosining, balki butun Markaziy Osiyo va Yevroosiyo mintaqasining taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Davlatimiz rahbarining nutqi, ayni paytda, O‘zbekistonning mintaqaviy va global siyosiy jarayonlardagi faolligini, izchil tashqi siyosatini hamda o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan tamoyillarga sodiqligini namoyon etdi.
Sammit davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 7 muhim tashabbus esa Turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, ularni alohida tahlil qilish joiz.
1. Strategik sheriklikni mustahkamlash: Turk dunyosining yagona maqsad va qadriyatlarga asoslangan holda integratsiyalashuvi uchun “Abadiy do‘stlik va qarindoshlik to‘g‘risidagi shartnoma”ni qabul qilish taklif qilindi. Bu hujjat turkiy hamjihatlikning huquqiy poydevorini mustahkamlaydi.
2. Savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish: “Turk Trade” onlayn platformasini tashkil etish, shuningdek, Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini faollashtirish orqali mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani jadallashtirish zarurligi bildirildi.
3. Sanoat kooperatsiyasi: Kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik va qurilish sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali sanoat salohiyatini birlashtirish tashabbusi ko‘tarildi.
4. Yashil taraqqiyot sari: “Yashil Turon” tashabbusi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar muhimligi ta’kidlandi.
5. Xavfsizlik va Afg‘oniston masalasi: Afg‘oniston bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqish, terrorizm va ekstremizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish taklifi ilgari surildi.
6. Madaniyat va ta’limda integratsiya: Turkiy davlatlar xalqaro universitetini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yoshlar almashinuvini kengaytirish kabi tashabbuslar orqali kelajak avlodni tarbiyalashga e’tibor qaratildi.
7. Xalqaro siyosiy jarayonlarda faol ishtirok: BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish uchun umumiy pozitsiyani shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida iqtisodiy aloqalarning rivoji haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, bojxona to‘siqlarini bartaraf etish, transport-logistika tarmoqlarini uyg‘unlashtirish, “Turkiy savdo zonasi”ni tashkil etish takliflari o‘zaro savdo oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflardan yana biri — ta’lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalasi. Turkiy davlatlar xalqaro universiteti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, turkiy til va madaniyatni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish bugungi kun ehtiyojlariga mos kelishi aytib o‘tildi.
Madaniyat sohasida esa, Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy kabi buyuk mutafakkirlar merosini chuqur o‘rganish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi ruhiy yaqinlikni mustahkamlash, TURKSOY doirasida forum va madaniy tadbirlarni o‘tkazish takliflarini bildirdi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasidagi takliflar nafaqat ekologik barqarorlik, balki uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun ham muhim qadamlardan biri ekanini aytib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida xalqaro siyosiy muammolarga, jumladan, G‘azo, Ukraina va Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibor qaratib, Turkiy davlatlarning bu boradagi hamfikrligi va faol pozitsiyasining zarurligini ta’kidladi.
Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti O‘zbekiston tashqi siyosatining izchil va strategik yo‘nalishini yana bir bor namoyish etibgina qolmay, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar faqat siyosiy va madaniy emas, balki iqtisodiy va global o‘zgarishlarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz ekanining belgisi bo‘ldi. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda O‘zbekiston tobora faol, ishonchli va teng huquqli ishtirokchi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
Asqar RASULOV,
O‘zDJTSU Ijtimoiy fanlar kafedrasi
katta o‘qituvchisi
O‘zA