Xalqimiz azaldan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratib kelgan. Bugun ham ushbu an’ana qadriyat darajasida ulug‘lanib kelmoqda.
Mintaqamiz va bizning davlatimizni yaqin do‘st deb bilgan jahon xalqlari bilan tarixiy aloqalarimiz bugun yangicha sharoit, yangicha muhitda mustahkamlanib bormoqda. Albatta, bularning barchasi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq, do‘stona va pragmatik tashqi siyosat samarasidir.
Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining mintaqaviy tarixiy ahamiyati haqida keng jamoatchilik vakillari ommaviy axborot vositalarida o‘z fikr-mulohazalarini, munosabatlarini bildirishmoqda. Haqiqatdan ham ushbu sammitda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslar mintaqadagi mamlakatlar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashda muhim hisoblanadi.

Jumladan, Turk dunyosining yagona maqsad va qadriyatlarga asoslangan holda integratsiyalashuvi uchun “Abadiy do‘stlik va qarindoshlik to‘g‘risidagi shartnoma” ni qabul qilish taklifi xalqimizga xos bo‘lgan azaliy do‘stlik va qarindoshlik rishtalarining yanadi mustahkam bog‘lanishida huququy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, “Turk Trade” onlayn platformasini tashkil etish, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani jadallashtirish, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik va qurilish sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali sanoat salohiyatini birlashtirishga qaratilgan tashabbuslar barqaror iqtisodiyot, hamjihatlikda farovonlik sari dadil qadamlar tashlashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining “Yashil Turon” tashabbusi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar muhimligiga alohida urg‘u berganligi bejizga emas. Bugun mamlakatimizda "yashil iqtisodiyot' sari keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston "Adolat" SDP ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratib, huquqiy asoslarni yaratishda faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning Afg‘oniston bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqish, terrorizm va ekstremizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha taklifi, Afg‘oniston xalqining tinchlik sari intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga, mintaqada tinchlikga asoslangan farovon hayotni ta’minlashga xizmat qilishi bilan muhimdir.
Madaniyat va ta’lim masalalariga ham e’tibor qaratilib, Turkiy davlatlar xalqaro universitetini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish kabi tashabbuslar dunyoqarashi keng, ilm-fanda yangiliklar yaratishga qodir bo‘lgan yoshlarni kamol toptirishga yo‘naltirilgan.
Xalqaro hamjamiyat bilan ishlash masalasida BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilish uchun umumiy pozitsiyani shakllantirish muhimligiga ham urg‘u berildi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti O‘zbekistonning tashqi siyosat borasidagi strategik maqsadlarini namoyon etdi.
Nurlibay Qaypbergenov,
O‘zbekiston "Adolat" SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining raisi
O‘zA