O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida Markaziy va Janubiy Osiyoni o‘zaro bog‘lashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ladi.
Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, iqtisodiy, ijtimoiy, transport, energetika kabi sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali barqaror rivojlanishga qaratilgan aniq natijalarni ko‘zda tutadi.
Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon SAMINOV O‘zA muxbiriga bergan intervyusida hamkorlik istiqbollari, tashrifdan kutilayotgan natijalar xususida fikr bildirdi.
– Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar tizimi chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Savdo yo‘laklari qayta shakllanmoqda, energetika xavfsizligi va oziq-ovqat ta’minoti masalalari birinchi o‘ringa chiqmoqda, iqlim o‘zgarishi esa davlatlardan yakka harakat emas, balki hamkorlikni talab qilayotgan global chaqiriqqa aylanmoqda, – dedi markaz rahbari.
Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi besh yil ichida global logistika xarajatlari o‘rtacha 25-30 foizga oshgan, bu esa dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatlar uchun yangi transport yo‘laklarini izlashni strategik zaruratga aylantirdi.

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosati ochiqlik, pragmatizm va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslanib, yaqin va qo‘shni mintaqalar bilan bog‘liqlikni mustahkamlash strategik ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadi – atrofimizda tinch, barqaror va iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq makonni shakllantirishdir”.
Pokiston aynan shu strategik mantiqiy zanjirda muhim o‘rin tutadi. Geografik joylashuvi, katta ichki bozori va port infratuzilmasiga egaligi bilan u O‘zbekiston uchun Janubiy Osiyoga chiqishda ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarining siyosiy asosi o‘zaro hurmat, suverenitet va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga tayanadi. Bu munosabatlar faqat ikki davlat manfaatlari bilan cheklanib qolmay, balki butun mintaqa xavfsizligiga ta’sir etuvchi omilga aylanmoqda.
Afg‘oniston masalasi bu hamkorlikning eng muhim sinov nuqtalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston va Pokiston bu mamlakatni xavf manbai emas, balki iqtisodiy integratsiya orqali barqarorlikka olib chiqish mumkin bo‘lgan hudud sifatida ko‘radi. Bu yondashuv yopiqlik siyosati emas, balki rivojlanishga qaratilgan pragmatik siyosatdir.
Prezident BMT minbarida shunday ta’kidlagan edi: “Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etmasdan turib, barqaror tinchlikka erishib bo‘lmaydi”.
Bu pozitsiya O‘zbekistonning tinchlik, xavfsizlik va samarali institutlarga qaratilgan milliy ustuvor maqsadlari bilan to‘liq uyg‘un.
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hali mavjud salohiyatga to‘liq javob bermaydi. Biroq Jahon banki tahlillariga ko‘ra, transport xarajatlari kamaygan taqdirda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 2-3 barobargacha oshishi mumkin.
Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, Pokiston O‘zbekiston uchun faqat yangi bozor emas, balki Janubiy Osiyo iqtisodiy makoniga ochiladigan eshikdir. 240 milliondan ortiq aholiga ega ushbu davlat O‘zbekiston sanoati uchun ulkan iste’mol bozorini taqdim etadi.
Ayniqsa, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika va kimyo sanoati sohalarida hamkorlik qilish yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi. Bu sohalarda qo‘shma korxonalar tashkil etish minglab yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish, texnologik almashinuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Iqtisodiyhamkorlikxalq farovonligini oshirishga xizmat qilmasa, u o‘z mazmunini yo‘qotadi”.
O‘zbekiston tashqi savdosidagi asosiy cheklovlardan biri – dengiz portlariga chiqish imkoniyatining yo‘qligi hisoblanadi. Bu logistika xarajatlarini oshiradi, eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini pasaytiradi.
Xalqaro ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, transport yo‘laklariga kiritilgan har bir dollar sarmoya o‘rtacha 4 dollarlik iqtisodiy samara beradi. Transafg‘on temir yo‘l yo‘nalishi amalga oshirilgan taqdirda O‘zbekistonning dengiz portlariga chiqish masofasi 30-40 foizga qisqaradi, yuk tashish muddati bir necha haftadan 10-12 kungacha kamayadi. Bu esa mamlakat eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.
Pokiston portlari orqali Janubiy Osiyo va Hind okeani bozorlariga chiqish imkoniyati esa vaziyatni tubdan o‘zgartiradi. Transafg‘on temir yo‘l va avtomobil yo‘laklari amalga oshirilgan taqdirda yuk tashish muddatlari keskin qisqaradi, transport xarajatlari kamayadi, O‘zbekiston tranzit davlat sifatida yangi iqtisodiy rol kasb etadi.
Davlatimiz rahbarining “Transport kommunikatsiyalari iqtisodiy taraqqiyot bilan birga tinchlikni ham mustahkamlaydi”, degan fikri bu yo‘nalishning strategik ahamiyatini ochib beradi.
Xalqaro energiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib Markaziy va Janubiy Osiyoda energiyaga bo‘lgan talab hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 30 foizdan ortiq o‘sadi. Shu bois qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish strategik zaruratga aylanmoqda.
Iqlim o‘zgarishi, suv resurslari qisqarishi va energiyaga bo‘lgan talabning o‘sishi O‘zbekiston va Pokistonni o‘xshash muammolarga to‘qnash keltirmoqda. Bu muammolarni yakka tartibda hal etish imkoni yo‘q, ular mintaqaviy hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekiston keyingi yillarda “yashil energetika” sohasida yirik loyihalarni boshladi, Pokiston esa quyosh va shamol energetikasida amaliy tajribaga ega. Qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya samaradorligi va “yashil iqtisodiyot” sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish energiya xavfsizligini mustahkamlaydi, importga qaramlikni kamaytiradi, ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Siyosiy kelishuvlar va iqtisodiy shartnomalar muhim. Ammo munosabatlarni uzoq muddatli qiladigan eng asosiy omil – insonlar o‘rtasidagi aloqalardir. BMT Taraqqiyot dasturining hisobotiga ko‘ra, ta’lim va inson kapitaliga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning 50 foizdan ortiq qismini ta’minlaydi. Shu nuqtai nazardan ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarining aynan shu insoniy poydevorini mustahkamlaydi.
Talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, madaniy forumlar va turizm oqimining oshishi ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni chuqurlashtiradi. Bu esa strategik sheriklikni siyosiy sikllarga bog‘liq bo‘lmagan barqaror munosabatga aylantiradi.
O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida navbatdagi diplomatik voqea emas, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida barqaror, o‘zaro bog‘liq va taraqqiy etgan makonni shakllantirishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodaning ifodasidir. Bu tashrif iqtisodiy o‘sish, transport bog‘liqligi, energetika xavfsizligi va inson kapitali rivojini uyg‘unlashtirgan holda O‘zbekistonning milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.