Toshkentda 25 mart kuni Hindiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining navbatdagi, o‘ttiz yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston davlatlari vakolatli organlari, shuningdek, SHHT MATT Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikka doir vaziyatni ko‘rib chiqib, SHHT maydonida terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi joriy holatni muhokama qildilar. Shuningdek, SHHTga a’zo mamlakatlarning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlik borasida fikr almashdi va zamonaviy tahdidlar, xalqaro terrorchilik tashkilotlari tomonidan xavfsizlikka nisbatan ehtimoliy tahdidlarga birgalikda qarshi turish choralarini belgilab oldilar.
Yig‘ilishda SHHT MATT Kengashining 2021 yildagi qarorlari bajarilishining borishi haqidagi axboroti ko‘rib chiqilib, Ijroiya qo‘mitaning o‘tgan davrdagi faoliyati ijobiy baholandi.
[gallery-6307]
Hindiston tomonining 2022 yilda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining «Manesar – Antiterror-2022» Qo‘shma aksilterror o‘quv-mashg‘ulotlarini, shuningdek, Qozog‘iston tomonining SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining «Do‘stlik chegarasi-2022» Qo‘shma chegara amaliyotini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari chegara xizmatlari rahbarlarining sakkizinchi yig‘ilishi va SHHT MATTning sakkizinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Bir qator SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari xodimlari va Ijroiya qo‘mitaning mansabdor shaxslari SHHT MATT faoliyatini rivojlantirishga hamda SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Kengash Faxriy yorlig‘i va SHHT MATT Esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
SHHT MATT Kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2022 yil 14 oktyabrda Hindiston Respublikasi Nyu-Deli shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Yig‘ilish ishchanlik ruhida, do‘stona muhitda o‘tdi.
G‘.XONNAZAROV, O‘zA muxbiri