Munosabat
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qo‘shnichilik rishtalarida hikmat ko‘p. Bu hududda azaldan bir mahalladagi to‘y, bir qishloqdagi qayg‘u hatto chegara bilmasdan barchaga ta’sir qilgan. Chunki bu yurtlarda xalqlar taqdiri, qadriyati, urf-odatlari bir-biriga chambarchas bog‘liq.
Bugun ham mintaqa mamlakatlari oldida turgan har bir katta qaror, har bir strategik qadam nafaqat bir davlatning, balki butun qo‘shni xalqlarning kelajagiga daxldor.
Shuning uchun ham Markaziy Osiyodagi hamjihatlik, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikda rivojlanish g‘oyalari bugun yangi mazmun kasb etmoqda. U barqarorlik va taraqqiyotning asosiy shartlaridan biriga aylandi.
Bu mavzuda har qancha gapirsak, alohida e’tibor qaratilgan fikrlarni har qancha o‘rgansak kam. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi e’lon qilinganiga biroz vaqt bo‘ldi. Lekin bu materialda bildirilgan fikrlar bugun ham jamoatchilikning tilida. Ilm ahillarining munosabat markazida.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat milliy taraqqiyotimiz, balki butun mintaqa davlatlarining mushtarak rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib qolmoqda. Dunyo hamjamiyatida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar keng qamrovi va amaliy natijalari bilan ijobiy baholanyapti. Qabul qilinayotgan farmon va qarorlar qardosh xalqlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, tinchlik, suv-ekologiya, transport-kommunikatsiya, iqtisod, sanoat va gumanitar sohalardagi hamkorlik Markaziy Osiyo xalqlari uchun beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida bu strategik o‘zgarishlar ilmiy-tahliliy asosda yoritildi. Maqolada keltirilgan g‘oya va tashabbuslar mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, o‘zaro hamjihatlik, barqaror rivojlanishning aniq yo‘nalishlarini belgilab bermoqda. Unda kelajak uchun vazifalar aniq, maqsadlar ravshan, yondashuvlar esa pragmatik asosda bayon etilgan.
Hozirgi murakkab global sharoitda har bir davlatning taraqqiyoti, tinchligi va xavfsizligi geosiyosiy barqarorlik bilan uzviy bog‘liq. “Geosiyosiy beqarorlik kuchayib, jahon kuch markazlari o‘rtasida raqobat ortib borayotgan bir davrda mintaqa davlatlarining xalqaro maydondagi pozitsiyasini muvofiqlashtirish umumiy manfaatlarni himoya qilishning muhim omili” ekani maqolada qat’iy ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan “Markaziy Osiyo plyus” formatlarini rivojlantirish tashabbusi mintaqaning tashqi siyosiy arxitekturasida muhim o‘rin egallamoqda.
So‘nggi yillardagi yaqinlashuv va ishonch muhiti esa o‘z samarasini bera boshladi. Bu hamkorlik faqat iqtisodiy yoki siyosiy darajada emas, balki xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy va ilmiy robitalarda ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Masalan, Chirchiq davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari qo‘shni mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillik va ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani, yetakchi olimlarning o‘zaro tajriba almashishi – bunga yorqin misoldir. Bunday hamkorlik nafaqat ta’lim sifatiga, balki umumiy ilm-fan rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Prezident maqolasida yana bir muhim haqiqat ta’kidlandi. Markaziy Osiyo – dunyoning eng yosh va aholisi tez o‘sib borayotgan mintaqalaridan biri. Bu esa integratsiyani davr talabi sifatida qo‘ymoqda. Yashil iqtisodiyotga o‘tish, raqamlashtirish, Afg‘onistonda tinchlik va tiklanishni qo‘llab-quvvatlash – bularning barchasi uzoq muddatli barqarorlik uchun zarur siyosiy va iqtisodiy asosdir. Prezident bu jarayonlarni beshta ustuvor yo‘nalishda izohlab berdi. Xavfsizlikning bo‘linmasligi, iqtisodiy yo‘laklarni kengaytirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash, barqaror integratsiya va tashqi siyosatda o‘zaro yaqinlashuv.
O‘zbekiston tashabbuslari – multimodal yo‘llar, savdo tranzitini kengaytirish, transport logistikasini rivojlantirish – bu g‘oyalarning amaliyotdagi ifodasi sifatida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida urg‘u bergan yana bir masala mintaqaviy institutlarning rolidir. Samarali institutlarsiz uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlab bo‘lmasligi ochiq aytildi. 2024 yil Ostonada qabul qilingan “Markaziy Osiyo – 2040” konsepsiyasi, 2022 yilgi Cho‘lponota shartnomasi kabi hujjatlar suveren tenglik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillarini mustahkamladi. Bu hujjatlar mintaqa davlatlarining nafaqat ichki integratsiyasini, balki global darajadagi nufuzini ham kuchaytirmoqda.
Haqiqatan ham, maqoladagi g‘oyalar mintaqadagi har bir inson, har bir ziyoli va har bir rahbar uchun yangi motivatsiya manbaidir. Yaxshi qo‘shnichilik – bu resurs, hamjihatlik – kuch, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash esa umumiy kelajakka olib boradigan yo‘l. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi mintaqaviy yaxlit rivojlanish bilan uyg‘unlikda namoyon bo‘layotgani ham shuning dalilidir.
Markaziy Osiyo haqiqatan ham yangi davr ostonasida turibdi. Bu davr tinchlik, barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va umumiy yutuqlar davridir. Prezidentning mazkur maqolasi esa nafaqat siyosiy hujjat, balki mintaqa kelajagiga “Yo‘l xaritasi” bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkentdagi sammit shu ruh, shu strategiya, shu istiqbol asosida o‘tdi. Ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoning global maydonda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli va strategik qadamdir.
Adiba DAVLATOVA,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti professori.
O‘zA