Bugun O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab davlatimiz rahbarining 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida bo‘lib o‘tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki va unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslarning mintaqamiz va mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz xalqaro transport koridorlari va infratuzilmaning jadal rivojlantirilishi ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Asosiy loyihalardan biri O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘li qurilishidir. Uning Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston magistrali bilan bog‘lanishi yangi savdo-iqtisodiy makon uchun asos yaratadi va mintaqaning global logistikadagi rolini kuchaytiradi.

Forum kelishuvlarini amalga oshirish barcha mamlakatlarning geografik xususiyatlaridan qat’i nazar, manfaatlariga javob beradigan dunyo miqyosidagi adolatli, barqaror va inklyuziv tizimni shakllantirishga yordam berishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng fraksiya yig‘ilishida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil”iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan hisobot hamda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Xususan, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabardor qilish tartibi bilan bog‘lik qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etadi.
Shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha qonun hujjatlarini oxirgi o‘zgartishlarga muvofiqlashtirishga yordam beradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA