Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqalararo hamkorlik – global tahdidlarga qarshi muhim omil
16:50 / 2025-05-24

Bugungi murakkab va o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash hamda barqaror rivojlanishni kafolatlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish, ikki mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi strategik va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish davr talabiga aylangan.

Ma’lumki, joriy yilning 19-21 may kunlari Surxondaryo viloyatida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Forumda hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalar rolini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur anjuman nafaqat ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligi va manfaatlar mushtarakligini tasdiqladi, balki umumiy xavfsizlik, iqtisodiy o‘sish va transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida sheriklikni yanada kuchaytirish uchun muhim platformaga aylandi.

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri ma’muriyati huzuridagi Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot markazi katta maslahatchisi Armen Petrosyan bilan suhbatimiz ham mazkur tadbirning o‘tkazilishi va uning ahamiyati masalalariga bag‘ishlandi.

– Janob Petrosyan, sizningcha ikki makro mintaqa aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan Termiz muloqotining dolzarbligi nimada?

– Termiz shahrida o‘tgan xalqaro yig‘in, avvalo, zamonaviy dunyo uchun turli chaqiriqlarni hal qilish, mavjud imkoniyatlardan foydalanishning turli yo‘llarini muhokama qilish, ilgari surilayotgan loyihalarni baholash, shuningdek yangi tashabbuslar istiqbolini ko‘rib chiqish zarurati bilan ahamiyatli.

Gap shundaki, bugungi global dunyo muayyan hududlarda ikki tomonlama strategik munosabatlarning yangi formatlari, xavfsizlikni ta’minlashning yangi mexanizmlari yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘lyapti. Hamkorlikning o‘ziga xos ko‘rinishlari shakllanishi, avvalgi muammoli munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi, turli infratuzilmalar rivojlanishi bilan bog‘liq bosqichlarni boshdan kechirmoqda.

Bu favqulodda va o‘ziga xos holat bo‘lib, ayniqsa, global raqobat va ziddiyatlar tufayli doimiy xavfsizlikka tahdid paydo bo‘layotgani hayotiy xavf-xatarlarga duch kelayotgan mikro va makro mintaqalar uchun alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, e’tiborli jihati, aksar mintaqalarda davlatlar, mahalliy xalqlar o‘rtasida umumiy tinch kelajak uchun barqaror, o‘zaro manfaatli jipslikka erishish uchun tarixiy imkoniyat ham vujudga kelmoqda, deyish mumkin.

Binobarin, bu oraliq davr cheklangan va dunyoda yangi barqaror holat o‘rnatilguncha alohida mintaqaviy ishtirokchilar o‘z strategik dasturlarini ilgari surishga intiladi. Shu bois ular global vaziyat barqarorlashgandan so‘ng asosiy siyosiy, iqtisodiy, savdo va insonparvarlik oqimlarini jamlagan o‘zaro munosabatlarning avvalgi, an’anaviy shakllari yana tiklanishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Qayd etish joiz, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning lokomotivi sifatida so‘nggi yillarda geosiyosat, xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va infratuzilma muammolarini bartaraf etish borasida maqsadli qadamlar qo‘ymoqda. Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash uchun turli tashabbuslarni ilgari surmoqda. Shubhasiz, “Termiz muloqoti” o‘ta muhim platforma – yuqorida qayd etilgan ijobiy qarashlar ifodasi sifatida istiqbolli loyihalarga nisbatan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.

– Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, global inqiroz sharoitida mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik va ishonch mamlakatlar xavfsizligi, barqarorligini ta’minlashning asosiy tayanchiga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyo sherikligini mustahkamlash bugun qay darajada muhim?

– Men bunday yondashuvni olqishlayman. Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash ko‘p qirrali va muhim vazifa hisoblanadi. Umuman, ayni maqsadni amalga oshirishga qaratilgan tashabbuslar, qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi aloqadorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan strategik dasturlar nafaqat iqtisodiy, gumanitar, madaniy, balki siyosiy integratsiya asosi sifatida ham baholanadi. Qolaversa, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning o‘ziga xos mexanizmi o‘laroq, yillar davomida ayniqsa, Afg‘onistondan keladigan tahdidlarni ijobiy kun tartibi orqali boshqarishga qaratilgan vositalardir.

Aytish joiz, Hindiston va Pokistonni Yevropa bilan bog‘lashni ko‘zlagan 573 kilometrlik, yillik o‘tkazuvchanligi 20 million tonnaga teng Termiz, Mozori Sharif, Kobul va Peshovar shaharlarini ulaydigan Transafg‘on temir yo‘li kabi loyihalar umumiy iqtisodiy manfaatlar nuqtai nazaridan juda muhim. Bu ro‘yxatga Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga elektr energiyasi uzatishga xizmat qiladigan CASA-1000 hamda mintaqaviy tranzit infratuzilmasi sifatidagi TAPI gaz quvuri loyihasini ham qo‘shish mumkin.

– Ma’lumki, bugungi kunda Markaziy Osiyo yuqori darajada birlashish, mintaqaviy masalalarga yaxshi qo‘shnichilik ruhida o‘zaro manfaatli yechimlar topishga tayyor ikki va ko‘p tomonlama ishonch makoniga aylanmoqda. Mintaqamizdagi ijobiy tendensiyalar Janubiy Osiyo davlatlari bilan aloqani rivojlantirishga qay darajada hissa qo‘sha oladi?

– Men yillar davomida xavfsizlikka intilsa-da, beqaror holatdan chiqa olmayotgan, ehtimol sun’iy ravishda kuchaytirilgan va hamon bartaraf etilmagan dushmanlik kayfiyati hukmron Janubiy Kavkaz mintaqasidanman. Bizda turli tarixiy voqealarni to‘g‘ri anglash hissi yo‘qolgandek. Buning oqibatida mintaqa qiyofasini ijobiy tomonga o‘zgartirish imkoniyatimiz ham cheklangandek. Shu nuqtai nazardan turli kelishuvlar, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida Markaziy Osiyoda shakllangan ijobiy muhit, umumiy kelajak sari odimlash jarayoni biz uchun juda ibratli. Muammoli, nosog‘lom vaziyatdan chiqish istagi, shuningdek yirik, qudratli davlatlar raqobati uchun maydon, geosiyosiy manfaatlar markaziga aylanishi ehtimoli mavjudligi tufayli ham mintaqalarimiz o‘xshash.

Shubhasiz, bunday murakkab hududlarda “inqilobiy” g‘oyalarni amalga oshirish oson emas. Bu jarayon tarixiy va an’anaviy qoliplar, tashqi ta’sir, ishonchsizlik xavfi hamda umidsizlik bilan to‘qnash keladi. Binobarin, aynan shu aksioma tinch, xavfsiz va o‘zaro manfaatli hamkorlikning eng muhim formulasi hisoblanadi. Pirovardida, uzoq vaqt mustaqil bo‘lmagan davlatlar uchun o‘z hududining, shu bilan birga mavjud mintaqaviy muammolarning haqiqiy egasi ekanligini anglash g‘oyat muhim. Axir, geografiyani yoki qo‘shnilarni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Mintaqaviy munosabatlar muhiti, qo‘shnichilik tamoyilini esa moslashtirish mumkin. Bunday vositalarni o‘zaro bog‘liq, ahamiyatli va hatto mintaqadan tashqari ishtirok uchun ham jozibador qilish imkoni bor. Bu esa, o‘z navbatida, yangicha aloqalar muhitida iqtisodiyotni, xavfsizlikni kuchaytiradi.

O‘zA muxbiri O‘tkir Alimov suhbatlashdi