Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqaga xos iqlim xatarlarini baholash va zaruriy moslashish choralari ko‘riladi
12:14 / 2024-02-21

Markaziy Osiyoda umumiy havo haroratining ko‘tarilishi sharoitida atmosfera yog‘inlarining o‘zgarishi, muzliklarning erishi va suv havzalarining to‘lib ketishi xavfi saqlanib qolmoqda. Bu esa qurg‘oqchilik, ko‘chki va suv toshqinlari xavfini oshiradi.

Ushbu hodisalar mintaqaviy tizimlar va harakatlarni talab qiladi. Bu kabi omillar inobatga olingan holda Markaziy Osiyoda iqlim xavfini boshqarish mintaqaviy dasturi kerakli choralarni amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.  

Ya’ni, bilim va tajriba almashish platformalari ilgari suriladi, salohiyatni oshirish, gidrologik ofatlar haqida erta ogohlantirish mintaqaviy tarmog‘ini yaratish, shuningdek, mintaqaga xos iqlim xatarlarini baholash va zaruriy moslashish choralari qo‘llab-quvvatlanadi.  

Poytaxtimizda Markaziy Osiyodagi beshta transchegaraviy daryolar havzasining iqlim o‘zgarishiga nisbatan xavf-xatarini baholash bo‘yicha yirik loyiha boshlanishiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar tashkil etildi. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston milliy gidrometeorologiya xizmatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish va favqulodda vaziyatlar davlat idorasi mutaxassislari ishtirok etdi.  

Qayd etilishicha, baholash natijalariga ko‘ra, har bir suv havzasi — Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududidagi Isfayramsoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi Shohimardon, Tojikiston va O‘zbekistondagi Zarafshon, Turkmanistondagi Murg‘ob va Qirg‘iziston hamda Qozog‘istondagi Chong-Kemin/Chu daryosi uchun iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar taklif etiladi.  

– Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birga O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishini boshqarishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda, – deydi vazirlik mutaxassisi Abdumajid Xolmurodov. – Maqsad O‘zbekiston hududini kesib o‘tgan 5 ta transchegaraviy daryolarning ekologik aspektlarini aniqlash va daryolardan qishloq xo‘jaligida, energetikada va boshqa sohalarda foydalanganda iqlim o‘zgarishiga ta’sirini kamaytirishdir. Bugun chet ellik mutaxassislar bilan bu borada ilmiy yechimlar izlanmoqda. Shuningdek, Farg‘ona vodiysida Isfayramsoy va Shohimardon daryolariga, Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyatlarida Zarafshon daryosiga iqlim o‘zgarishining ta’siri o‘rganiladi.  

– Iqlim siklining o‘zgarishi tabiatda turli xil o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, – deydi  BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish” loyihasi rahbari Isomiddin Akramov. – Ayniqsa, suv va qishloq xo‘jaligi, ekologiya, iqtisodiyotga, umuman, insoniyat turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi loyihadan asosiy maqsad aynan iqlim xavflarini aniqlab olish, iqlimga moslashish rejalarini ishlab chiqish va ularni boshqarishdir. Aholi o‘rtasida iqlimga moslashish bo‘yicha kichik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa kelajakda, ayniqsa, tog‘li hududlarda yashovchi aholining iqlim o‘zgarishlariga tayyor bo‘lishlariga imkon yaratadi.  

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, loyiha va boshlang‘ich seminar Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim risklarini boshqarish” dasturining bir qismidir. Mintaqaviy dasturning maqsadi mintaqada transchegaraviy iqlim risklarini boshqarishni takomillashtirishdan iborat.  

Dastur jamoasi atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat idoralari va hamkor tashkilotlarga siyosat, harakat rejalarini ishlab chiqish va iqlim o‘zgarishiga moslashish va suv bilan bog‘liq iqlim xavflarini boshqarish bo‘yicha tajriba almashish bo‘yicha maslahatlar beradi va qo‘llab-quvvatlaydi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA