Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqadagi tarixiy jarayonlar ertangi barqaror va farovon Markaziy Osiyoning poydevori bo‘lib xizmat qiladi
10:36 / 2025-11-19

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaning yangi strategik bosqichga qadam qo‘yganini namoyon etdi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Maryam Niyozova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:  

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan mazkur nufuzli tadbir Markaziy Osiyodagi ochiqlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi.  

Sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va birinchi marta to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etgan Ozarbayjon Prezidentlarining ishtirok etishi mintaqa uchun ulkan siyosiy ahamiyatga ega.

Prezidentimizning Ozarbayjonni formatga faol qo‘shilishini qutlab bildirgan fikrlari – bu Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yangi, mustahkam strategik ko‘prik barpo etilayotganining aniq dalili. Bunday yaqinlashuv nafaqat savdo yoki transport imkoniyatlari, balki iqtisodiy xavfsizlik, energetika va madaniy aloqalarni ham tubdan kuchaytirib beradi.

Prezidentimiz so‘zlagan nutq esa aniq maqsad va amaliy yo‘l xaritasiga ega bo‘lgan strategiyadir. Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda misli ko‘rilmagan integratsiya jarayonlari amalga oshdi. Chegara masalalari hal qilindi, do‘stlik, transport aloqalari tiklandi, energetika va suv sohalarda o‘zaro manfaatli mexanizmlar ishlay boshladi.

Buni raqamlar ham tasdiqlaydi: o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi, mintaqaviy investitsiyalar 17 foizga oshdi. Muhimi, bular so‘zda emas, amalda.

Maslahat uchrashuvlarini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish taklifi – bu butun mintaqaning kelishilgan, institutlashgan va uzoq muddatli rivojlanish arxitekturasini yaratish demakdir.  

Mintaqaning kelajagi infratuzilma va texnologiyaga ham bog‘liq. Prezidentimiz taklif etgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on logistika yo‘lagi, Transkaspiy koridorlari – bular Markaziy Osiyoni global iqtisodiy kartaning uzviy qismiga aylantiruvchi loyihalardir. Bu loyihalar amalda barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi.

Albatta, ekologiya va suv masalasi ham kun tartibi markazida turdi. Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot konsepsiyasi, Suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha 10 yillik amaliy harakatlar dasturi – bu shunchaki shiorlar emas, balki kelajak avlodlar taqdiriga befarq bo‘lmagan xalqchil siyosatdir. Biz suvni tejash, tabiatni asrash masalasida hamjamiyat bo‘lib harakat qilishimiz shart.

Madaniy va gumanitar hamkorlikka kelsak, bu yo‘nalishdagi ishlar alohida e’tirofga loyiq. Ma’naviy meros bo‘yicha xalqaro kongress, Islom sivilizatsiyasi markazi, mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar fondi – bularning barchasi Markaziy Osiyoning ma’rifiy kuchini tiklash, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Mening qat’iy fikrimcha, Markaziy Osiyoning kelajagi faqat birlikda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizning kuchimiz – birlikda, yo‘limiz – hamjihatlik va do‘stlikda.  

Agar biz strategik yondashuv, o‘zaro hurmat va umumiy manfaat tamoyillariga sodiq qolsak, shubhasiz, bugungi tarixiy jarayonlar ertangi barqaror va farovon Markaziy Osiyoning poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Yangi tashabbuslar bizga shunchalar katta imkoniyatlar ochmoqdaki, bizning asosiy vazifamiz – ushbu imkoniyatlarni xalqlarimiz manfaati yo‘lida amalga oshirishdir.

Norgul Abduraimova, O‘zA