Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqadagi eng yaxshi ekologik mehmonxona va sayyohlik klasteri aniqlandi
16:52 / 2024-03-07

Poytaxtimizda “III O‘zbekiston milliy mehmondo‘stlik mukofoti” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda har tomonlama qulayliklar yaratilgan turli toifadagi eng yaxshi joylashtirish vositalari aniqlandi. Ko‘plab nominatsiyalar qatori ekologik standartlarga amal qilib kelayotgan joylashtirish vositalari ham taqdirlandi.

Xususan, “Mercure Bukhara Old Town” mehmonxonasi “Mintaqadagi eng yaxshi ekologik mehmonxona”, “Bukhara Desert Oasis and SPA” klasteri esa “Eng yaxshi ekologik sayyohlik klasteri” deb topildi. 

Marosim davomida O‘zbekistonda ekologik turizmni rivojlantirish, xususan, joylashtirish vositalarida sayyohlar uchun ekologik standartlarni joriy qilish, atrof-muhit tozaligiga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidladi. 

– Mehmonxonamizda bir martalik plastik idishlardan to‘liq voz kechilgan, – deydi Rajab Klimanzade. – Ayni damda faqat ekologik toza va biologik parchalanadigan mahsulotlardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, chiqindilarni tarqatish va ularni qayta ishlash uchun maxsus qutilar ishlatiladi. Mehmonlar uchun esa maxsus ekotransport yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etish joizki, “Accor” brendining barcha mehmonxonalarida faqat ekologik toza mahsulotlardan foydalanish joriy qilingan. 

G‘oliblar orasidan joylashtirish vositalarining eng kichik xodimlari, restoranlarni yuritayotgan xodimlar, menejerlar, oshpazlar, dizaynerlar, savdo direktorlari ham tanlab olindi. 

– Besh-olti oy davomida yurtimizdagi barcha mehmonxonalar, joylashtirish vositalari faoliyati o‘rganib chiqildi, – deydi Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, hakamlar hay’ati a’zosi Muhayyo Hayitova. — G‘oliblarni tanlashda mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar, sanitariya-gigiyena qoidalariga qanchalik amal qilingani, yaratilgan shart-sharoitlar kabi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi. Bu kabi tadbirlar, albatta, boshqa joylashtirish vositalarini ham eng yaxshi bo‘lishga undaydi. Bu esa mamlakatimizning turistik jozibadorligini, mehmondo‘stlik sohasidagi xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, O‘zbekiston milliy mehmondo‘stlik mukofoti mehmondo‘stlik sohasidagi birinchi yirik loyiha va mehmonxona sanoatidagi yangi mukofot bo‘lib, u har yili turli toifadagi eng yaxshi joylashtirish vositalariga taqdim etiladi. 

Loyiha mamlakatimizning sayyohlik jozibadorligini oshirish, ichki va jahon bozorlarida joylashtirish vositalarining raqobatbardoshligini kuchaytirish, xalqaro turizm bozorida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA