Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mintaqa hamkorligida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash zarur
11:46 / 2025-11-18

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotimizga daxldor masalalar, bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Majlisni Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov kirish so‘zi bilan ochar ekan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y bergan muhim voqeliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasining ahamiyatiga to‘xtalib, bugungi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida shakllanayotgan yangi ishonch, o‘zaro hurmat va strategik yaqinlashuvning ildizlari teran ochib berilganini ta’kidladi.  

Shuningdek, poytaxtimizda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tganiga e’tibor qaratilib, mazkur tarixiy uchrashuv mintaqada hamkorlikni yanada kengaytirishi ta’kidlandi.

Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqani yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tgani, bir qator tashabbuslarni ilgari surgani e’tirof etildi. Jumladan, mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish,  mazkur uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyatni ta’sis etish, Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini ko‘tarish taklif etildi.

2035 yilgacha bo‘lgan Savdo-iqtisodiy hamkorlikning mintaqaviy dasturini qabul qilish, yagona investitsiya makoni to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish taklifi bildirildi.  

O‘zbekiston “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy yo‘nalishlarini kengaytirish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda mintaqa davlatlari birgalikda harakat qilishi lozimligi aytildi, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Kengashni tuzish taklifi ilgari surildi.  

Shuningdek, ekologiya, iqlim va suv taqchilligi masalalari hamda ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida bir qator tashabbuslar ilgari surilgani qayd etildi.  

Bundan tashqari, mazkur sammit yakunida Qo‘shma bayonot va bir qator muhim hujjatlar qabul qilingani mintaqa davlatlari rivojida alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.  

Spiker o‘rinbosari ushbu sammit natijasida imzolangan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda parlamentlararo aloqalar va xalq diplomatiyasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Quyi palata qo‘mitalari mintaqa davlatlari parlamentlari bilan o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, muloqotlarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi lozimligiga urg‘u berdi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA