Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Minskdagi xalqaro kinofestivalda O‘zbekiston to‘rtta mukofotga sazovor bo‘ldi
17:51 / 2022-11-12

Belarus poytaxtida bo‘lib o‘tgan Listapad xalqaro kinofestivali yakunlandi.

Unda jami 40 dan ortiq davlatdan 100 ga yaqin filmlar ishtirok etdi. Kinematografiya agentligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, yakunlash marosimida mamlakatimiz 4 ta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.

Xususan, Listapad kinofestivalining “Eng yaxshi rejissyor uchun” mukofoti Shuhrat Mahmudovning “Matonat” hujjatli filmiga topshirildi. Film Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyaning “Amersfort” lageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik askarning jasorati va shijoatiga bag‘ishlangan.

Rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi “Insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar mavzusining dolzarbligi uchun” nominatsiyasida maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. Film Suriyada jangarilar tomonidan aldanib, ozodlik sari qiyin yo‘lni bosib o‘tgan ayol haqida hikoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu oyda bu kartina Turkiyada o‘tkazilgan “Qo‘rqut ota” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi badiiy film” Gran-prisiga ham sazovor bo‘lgan edi.

Yosh kinorejissyor Akrom Shahnazarov tomonidan suratga olingan “101 reys” badiiy filmi esa davlatlararo “Mir” teleradiokompaniyasining “Kino tili – do‘stlik tili” nominatsiyasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

MDH davlatlari kinematograflarining ishchi yig‘ilishida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MDH Ijroiya qo‘mitasining “MDHga a’zo davlatlar kinematografiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun” diplom bilan taqdirlandi.

Qo‘shimcha qilish joizki, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida ishlab chiqarilayotgan qo‘shma mahsulotlar (ko-produksiya) soni bo‘yicha yetakchi deb tan olingan.  

Aynan shuning uchun ham Minskda bo‘lgan Kinematografiya rahbarlari yig‘ilishida MDH davlatlari kinematograflari xalqaro ijodiy alyansi shtab-kvartirasini O‘zbekiston raisligida Toshkent shahriga joylashtirish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi.

O‘zA