Belarus poytaxtidagi “Minsk-Arena”da II MDH sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Minsk ko‘chalariga odam sig‘madi. Zero, Belarusda sportni haqiqatan sevishadi.
Xususan, II MDH sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan “Minsk-Arena” ham liq to‘ldi. Axir, bu anjuman nafaqat sportchi va murabbiylarniki, balki oddiy belarus xalqi, mamlakat mehmonlariniki ham.
Muxlislar II MDH sport o‘yinlari ishtirokchi va mehmonlarini bevosita tabriklash uchun sahnaga chiqib kelgan Belarus Prezidentini qizg‘in olqishlar bilan kutib oldi. Aleksandr Lukashenko yig‘ilganlarga, shuningdek tantanali marosimni televizor yoki internet orqali tomosha qilib turgan millionlab sog‘lom turmush tarzi tarafdorlariga murojaat qilarkan, davrning bir qator muhim masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Birmuncha notinch, turli ziddiyatlar avj olib borayotgan bugungi kunda insonlarni birlashtirish, jipslashtirish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birodarlikni mustahkamlash xususiyatiga ega bo‘lgan sportning, musobaqalarning beqiyos ahamiyatini yana bir bor ta’kidladi. Ayni zarurat hozir har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etayotganiga urg‘u berdi. So‘zi yakunida davlat rahbari, tabiiyki, barchaga muvaffaqiyat, Belarusdan yoqimli taassurotlar tiladi.
Shundan so‘ng tomoshabinlar sportchilar, san’at namoyandalari ijrosidagi rang-barang, qiziqarli chiqishlardan bahramand bo‘lishdi. Bu jarayonda tashkilotchilar MDH a’zolari va boshqa ishtirokchi mamlakatlar milliy urf-odati, o‘ziga xos an’analariga murojaat qilishgani, ayniqsa barchani qoyil qoldirdi.
Belarusga 20 dan ziyod davlat vakillari tashrif buyurgan, bu holat butun arena bo‘ylab marosimning boshidan oxirigacha yaqqol sezilib turdi. O‘z milliy liboslaridagi turli xalq vakillarining majoziy chiqishlari, ishtirokchi mamlakatlar vakillari mag‘rur hilpiratayotgan bayroqlar bayram shukuhini yuz chandon oshirdi.
An’anaviy ramziy ritual – jamoalarning majmua bo‘ylab yurib o‘tishidan “Minsk-Arena” larzaga keldi. Barchaga manzur kelgan bu qismda boshlovchilar har bir jamoaning o‘ziga xosligi, yutuqlari, rejalari xususida ma’lumot berib turdi. Shu o‘rinda, bir holatni g‘ururlanib ta’kidlayman. Jamoalar orasida mezbon, Belarusdan keyin (bu tabiiy, albatta) eng ko‘p va davomli olqish olgan delegatsiya O‘zbekiston bo‘ldi.
Darhaqiqat, vakillarimiz maydon uzra boshlarini mag‘rur ko‘tarib o‘tishga yuz bor haqli. E’tibor bering. Birinchidan, marosim boshlovchilari alohida urg‘u berib takrorlaganidek, O‘zbekiston Qozonda bo‘lib o‘tgan avvalgi – I MDH sport o‘yinlarida umumjamoa hisobida mezbon – juda kuchli Rossiyadan keyin 2-pog‘onani egallagan. Ikkinchidan, bu gal ham vakillarimiz o‘z oldilariga eng yuksak maqsadlarni qo‘yib kelishgan. Ya’ni, sportchilar soniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus va Rossiyadan keyin 3-o‘rinda – 320 nafar atlet. Va eng asosiysi kecha, birgina kun yakunlari bo‘yicha yigit-qizlarimizdan 12 nafari shohsupaga ko‘tarilishdi. Hozirning o‘zida jamoamiz hisobida 4 oltin, 5 kumush va 3 bronza medal bor.