Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Minsk shahri hokimidan taklifnoma keldi
16:19 / 2024-05-07

Otam Yahyo Mamadiyorov 1925-yili Yangiyo‘l tumanidagi “Eski Qovunchi” mahallasida tavallud topgan. Urushning ilk yili uning ikki akasi Musa va Egam Mamadiyorov ko‘ngillilardan bo‘lib, olovli janggohlarga otlangan. Ammo, ikkisidan ham qora xat kelgan. Uchinchi farzand bo‘lgan otam 1944-yili 19 yoshida urushga safarbar etilgan.

Qozog‘iston Respublikasining Semipalatinsk shahridagi qisqa harbiy tayyorgarlikdan so‘ng Belarus davlatining Brest shahrigacha bo‘lgan hududlarda dushmanga qarshi mardonavor jangga kirgan. Oder daryosidan kechib o‘tish vaqtida og‘ir yaralanib, bir muddat gospitalda davolangan. Tuzalgach Berlin uchun boshlangan janglarda Elba daryosi bo‘yida samarqandlik quroldosh do‘sti Jalil Normatov bilan bir safda bo‘lgan.  

Suronli janglar davomida ikki do‘st ham og‘ir yaralangan. Otam Varshavadagi gospitalda davolangan. Ammo, frontdagi xizmatini turli shaharlardagi komendaturalarda davom ettirib, 1950-yili noyabr oyida O‘zbekistonga qaytgan. Urushdan so‘ng qishloq xo‘jalik rahbarlarini tayyorlash kursini bitirib, 40-yil mobaynida Yangiyo‘l tumanidagi sobiq “Tinchlik” jamoa xo‘jaligida faoliyat olib bordi. Paxtachilikni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlandi. Otam 92 yoshida janggohlarda olgan asoratlari sabab vafot etdi. Uning yorqin xotirasi biz, farzandlar uchun juda muqaddasdir.  

2019-yili Belorusdagi janglarda qatnashib, birga frontdosh bo‘lgan otamning ko‘plab do‘stlari oilamizni izlab keldi. Ular otam bilan birga tushgan urushdagi fotosuratlarni bizga hadya etdi. Men faxriy pedagog sifatida shunga amin bo‘ldimki, hayotda do‘stlik qardoshlik, masofa va millat tanlamas ekan.  

Ikkinchi jahon urushi musibatlari qanchalik og‘ir kechmasin tinchlik uchun kurashgan xalqlarni bir-biriga qardoshlarcha yaqinlashtirgan. Yaqinda Minsk shahri hokimi A.Surandan Belarus Respublikasining fashizmdan ozod etilganligining 80-yillik yubileyi tadbiriga qatnashish uchun taklifnoma xatini oldim. Nasib etsa unga qatnashish niyatidaman. Bu otam va uning xotirasiga bildirilgan cheksiz hurmatdir.  

Yusuf Mamadiyorov, faxriy pedagog.

O‘zA.