O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik soxasida kadrlar tayyorlashni tubdan isloh qilish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida veterinariya, chorvachilik hamda oziq-ovqat xavfsizligi sohasida malakali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, veterinariya ta’limini jahon standartlari darajasida tashkil etish bo‘yicha chora-tabdirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ushbu rejaga asosan universitet bir qator xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalari, kompaniya va tashkilotlar bilan ta’lim, ilm-fan va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikda loyihalar amalga oshirib kelmoqda. Shunday loyihalardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlarining Minnesota universiteti bilan hamkorlikdagi “Tvinning dasturi” loyihasidir.
Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda veterinariya ta’limini Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (JHST) talablari asosida tashkil etish, “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fan dasturlarini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishni ta’minlashdan iborat. Loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorimiz Minnesota universiteti qoshidagi Hayvonlar salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi markazi hisoblanib, ushbu markaz JHSTning buyurtmasi asosida rivojlanayotgan davlatlarda veterinariya ta’limini xalqaro talablar darajasida tashkil etish hamda professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishga yordam berib keladi.
Loyiha veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan 2021-yilda boshlangan bo‘lib, dastlab markaz direktori o‘rinbosari Mariya Sol Perez hamda ta’lim bo‘yicha mutaxassis Ketrin Obrayn universitetga kelib, “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishning holati, tasdiqlangan me’yoriy hujjatlar hamda talabalar bilimini baholash tizimi bilan tanishgandi.
Shundan so‘ng qo‘mita va universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tuzilib, xorijiy hamkorlarning takliflari asosida veterinariya ta’limi bo‘yicha amaldagi 4-yillik o‘qish muddati jahon veterinariya ta’limi talablariga ko‘ra, 5-yillik muddatga uzaytirildi.
Shuningdek, AQSH veterinariya ta’limi assotsiatsiyasi (AVMA), Yevropa veterinariya muassasalari assotsiatsiyasi (EAEVE) talablari hamda boshqa nufuzli xorijiy veterinariya universitetlari tajribalari asosida “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishining yangi, takomillashtirilgan 5-yillikka mo‘ljallangan o‘quv rejasi ishlab chiqildi hamda 2022-yildan boshlab ta’lim jarayoniga tatbiq etildi.
Xo‘sh, bu bizga nima beradi?
Birinchidan, xorij andozalariga mos, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanadi.Ikkinchidan, mehnat bozori talablari asosida kadrlar tayyorlash imkoniyati yaratiladi.
Uchinchidan, amaliyotga asoslangan veterinariya ta’limi asosida ta’lim sifati yaxshilanadi.To‘rtinchidan, talabalarning erkin xalqaro akademik mobilligi amalga oshiriladi. Beshinchidan, bitiruvchilar diplomi xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinishiga erishiladi. Oltinchidan, bitiruvchilarning xorijiy davlatlarda erkin ishga joylashish imkoniyati yaratiladi.
Loyihaning keyingi bosqichida universitetimizning “Veterinariya meditsinasi” ta’lim yo‘nalishi talabalariga dars beradigan professor-o‘qituvchilardan 20 nafari saralanib, ular uchun Minnesota universitetining malakali mutaxassislari tomonidan uch oylik onlayn darslar tashkil etildi hamda ushbu kurs yakunida ishtirokchilar Minnesota universitetining sertifikatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, loyiha doirasida 2022-yil yanvar oyida qo‘mita va universitet vakillaridan iborat 10 kishilik delegatsiya, 2023-yilning mart oyidan iyun oyigacha 1 nafar o‘qituvchi, 2023-yilning oktyabr oyida 8 kishilik delegatsiya Minnesota unversitetida xizmat safarida bo‘ldi. Xizmat safari davomida vakillarimiz Minnesota universitetida ta’lim jarayonini tashkil etish va boshqarish, talabalarga yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasi hamda kafedra va laboratoriyalarda o‘tiladigan dars jarayonlari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida Minnesota universiteti va universitetimiz o‘rtasida 5-yillik hamkorlikka mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda hamkorlikda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Bugungi kunda loyiha doirasida hamkorlikda bitiruvchilarning mutaxassislikka oid bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholash bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, ushbu dastur bo‘yicha universitet professor-o‘qituvchilarining onlayn so‘rovnomada ishtirok etishi ta’minlandi.
Yaqin kunlarda Samarqandga Minnesota universiteti vakillarining tashrifi kutilmoqda. Bunda fanlar bo‘yicha takomillashtirilgan o‘quv dasturlari, o‘quv materiallari va tarqatma materiallari bilan tanishish, ularni baholash hamda loyihaning davomini amalga oshirish bo‘yicha fikrlashib olish ko‘zda tutilgan.
Xudoynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori.
O‘zA