Mulohaza
Tan salomatligiga ikkita hapdori bilan erishib bo‘lmaydi. Avvalo, inson sog‘lom ovqatlanishi, ozoda turmush tarzi, badantarbiya va zamonaviy tibbiyot uyg‘unligi bilan hamohang yashamog‘i lozim. Yana bir muhim jihat esa, ko‘ngil xotirjamligidir. Tabobat va tarix fanlari doktori, akademik Alijon Zohidov ayni mavzuda fikrlarini bildirdi.
– Yurtimiz mustaqillikka erishganidan buyon sog‘liqni saqlash tizimida ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, ayollarning homiladorlik skriningiga e’tibor, xalq tabobati va xususiy klinikalarga imkoniyatlar berilishi ijobiy islohotlardandir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi A.Zohidov. – Darhaqiqat, sog‘lom yashashni istagan har bir inson kuniga 5-10 chaqirim yugurishi, umurtqani tortuvchi mashqlarni bajarishi, har fasl boshida 10 kuncha parhez qilishi orqali tana vaznini mutanosib saqlashi mumkin. Shu bilan birga, dorivor o‘tlar damlamasidan ichish, issiq vanna qabul qilish, eng muhimi, asabni asrab, birov bilan keraksiz bahsu mujodalaga kirishmasligi muhim.
Shu o‘rinda tabiiyki, har bir narsaga shukronalik ham, rizqni ko‘paytirib kengaytirib, umr uzayishiga olib keladi. Yaponiyada yoshi 100 dan oshgan besh mingdan ortiq odam o‘rganilganida isbotlanganki, ularning barchasi hayotga ijobiy nazar va minnatdorlik bilan boqadigan, oilasi bag‘rida yashagan hamda qon bosimi nisbatan past odamlar ekan.
Haq taolo har bir insonning rizqini o‘lchab beradi, ammo kimdir ana shu rizqni 30 yilda yeb tugatsa, boshqalari yuz yilga yetkazib iste’mol qiladi. Kuniga ikki bor taom iste’mol qilish inson jismining barqarorligiga ijobiy ta’sir etishi isbotlangan.
Bugungi kunda erkak kishilardagi qorindorlik muammosi sir emas. Bunday kasallik va mubtaloliklar insonga sodda tilda aytganda, hali biror marta foyda keltirmagan, shuningdek, nojo‘ya ta’sirlar va asoratlar keltirib chiqargan, xolos.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda, turli mavzular qatorida qon suyultiruvchi dori vositalarining turgan-bitgani ziyon degan fikrlarga ko‘zim tushdi. Unga ko‘r-ko‘rona ergashuvchilar ham ko‘paydi. Yaponiyada qon suyultiruvchi preparatlarni 40 yoshdan qabul qilish dasturga kiritilgan, qarshi ko‘rsatmasi bo‘lmasa, hamma birday qabul qiladi.
Ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, dunyoda 70 foizga yaqin o‘lim qon quyuqlashishi va bosim yuqoriligi, yurak qon-tomir kasalliklaridan yuz beradi. Bu borada sedana yog‘ining xususiyatiga ham ishonish mumkin. Ayniqsa, bahorgi va kuzgi o‘tish davrlarida uning nafi beqiyos.
Xulosaga keladigan bo‘lsak, kasalliklarning shifosi aslida insonning o‘ziga bog‘liq, – minnatdorlik tuyg‘usining fazilatini esa barcha dardning davosi sifatida aytishimiz mumkin. Bugun ko‘zimizni quvontiradigan, yashashga bo‘lgan ishtiyoqimizni oshiradigan ezgu amallarni minglab topishimiz mumkin. Ular yurtimizdagi islohotlar fonida quloch yoymoqda.
Yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rtinchi yiliga qanday maqsadlar va yutuqlar bilan keldik, o‘tgan davrda erisholmagan niyatlarimiz uchun qanday umidlarni tuymoqdamiz, mana shular haqida o‘ylab, ulug‘ marralarni ko‘zlagan inson sog‘lom fikr bilan yashashi tabiiy. Ishonch bilan aytish mumkinki, Prezidentimizning jamiyatimiz ahli, jumladan, yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari ham, xalqni rozi qilish, hayotdan minnatdorlik tuyg‘ularini kengaytirishga qaratilgani bilan muhim sanaladi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda tibbiyot uchun mablag‘lar 6 karra oshirildi, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirildi.
Yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun aholimiz oldin faqat poytaxtga kelardi. Hozir bunday amaliyotlarning 400 dan ortig‘i viloyat va tumanlarning o‘zida bajarilmoqda. Turmush sharoitlar yaxshilanib borayotgani natijasida o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi.
– Biz ta’lim-tarbiya uchun, aholi salomatligi uchun, muallim va shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qancha kuch va mablag‘ kerak bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz, – dedi Prezident “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mamlakatimiz davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida.
Bunday ruhlantiruvchi so‘zlar insonni qalb go‘zalligi bilan yashatib, yurtimizni yashnatadi, minnatdorlikni oshiradi. Eng muhimi, shu yurtga fidokorona xizmat qilish yo‘lida har bir inson o‘z salomatligini ardoqlasin.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.