Qarshi shahridagi Korxonalarni sog‘lomlashtirish klinikasida zamonaviy ishlab chiqarish mini texnologiyalari ko‘rgazmasi ochildi.
Viloyat hokimligi va savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etgan tadbirda 19 ta xorijiy kompaniyaning 200 dan ortiq mini texnologiyalari namoyish etilmoqda.
Keyingi yillarda aholi bandligini ta’minlash, ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirib borishda kichik biznesning roli va ahamiyati oshmoqda. Bu jarayonda ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, faoliyati uchun zarur uskunalarni tanlab, xarid qilishida qulay shart-sharoit yaratish ustuvor vazifa sanaladi. Tashkil etilgan ko‘rgazma esa ayni shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Aytish joizki, joriy yildan boshlab hududlarda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ko‘plab fuqarolar hududiy bandlikka ko‘maklashish markazlari yordamida talab yuqori bo‘lgan kasblar, jumladan, tikuvchilik, pishiriqlar tayyorlash, oshpazlik, sartaroshlik, mebelsozlik yoki shunga o‘xshash kasb-hunarlarni o‘rganmoqda. Mazkur ko‘rgazma ana shunday fuqarolar uchun ham qo‘l keldi.
O‘quv kurslarini tamomlab, istalgan yo‘nalishda biror tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan kishi bemalol bu yerga kelishi va tanlagan faoliyati uchun kerakli uskunani xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolashi mumkin. Bundan tashqari, ko‘rgazmada fermer va ishbilarmonlar bugungi kunda ishlab chiqarishda foydalanilayotgan eng zamonaviy texnologiyalar, uskunalar bilan tanishishi, ularni xarid qilishi mumkin.
[gallery-3356]
Ahamiyatli tomoni, ko‘rgazmada namoyish etilayotgan barcha texnologiyalar bevosita xorijiy ishlab chiqaruvchilar yoki ularning mamlakatimizdagi hamkorlari tomonidan taqdim etilmoqda. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinib, aldanib qolish mumkinligi haqidagi xavotirlarga o‘rin qoldirmaydi
Darhaqiqat, ko‘rgazma pavilonlaridan qishloq xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarni bajarish, turli taomlar, shirinliklarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, xizmat ko‘rsatish, tikuv-trikotaj, parrandachilik, chorvachilik va shu kabi turli yo‘nalishlarda foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab mini-texnologiyalar o‘rin olgan. Eng muhimi mini texnologiyalar narxlarining xamyonbopligi tadbirkorlikni yangi boshlovchilar uchun qulaylik yaratadi.
Bu yerda shu kabi yana yuzlab texnologiyalarni ko‘rasiz. E’tiborli jihati ular bilan tanishishning o‘ziyoq kishiga o‘z imkoniyati va shart-sharoitidan kelib chiqqan holda qanday tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki o‘z ishlab chiqarish liniyasini yana qanday uskunalar bilan boyitish mumkinligi haqida yangi g‘oyalar taqdim etadi.
– Ko‘rgazma haqida eshitib, Nishon tumanidan keldik, – deydi tadbirkor Bekzod Do‘stmurodov. – Hozirgi kunda mebel ishlab chiqarish sexini ishga tushirganmiz. Bilasiz, mahsulotning qanchalik sifatli bo‘lishi, dizayni, tannarxi arzonligi avvalo texnologiyaga bog‘liq. Shu bois mebelchilik yo‘nalishidagi yangi texnologiyalar, ularning imkoniyatlari bilan tanishib, faoliyatimiz uchun zurur bo‘lganlarini xarid qilish rejamiz bor.
Shuningdek, doimiy ko‘rgazmada hududdagi 23 ta sanoat korxonasida tayyorlanayotgan 100 dan ziyod turdagi hamda “O‘zbekneftegaz” AJ tizimidagi korxonalar ehtiyoji uchun ishlab chiqarishni o‘zlashtirish taklif etilayotgan 27 turdagi mahsulotlar haqida ham ma’lumot olish mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA