Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mini futbol bo‘yicha bahslarga qur’a tashlandi
15:00 / 2021-06-08

Bugun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sportni keng targ‘ib etish, uyushmagan yoshlarni foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri boshqarmasi boshlig‘i kubogi musobaqasi yoshlarni birlashtiruvchi va ularning bo‘sh vaqti mazmunli hamda foydali o‘tishini ta’minlovchi tadbirlardan biridir.

May oyida mazkur musobaqaning tuman bosqichlari o‘tkazildi. Unda shahrimizdagi 524 ta mahallaning 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlaridan iborat jamoalari bahslashdi.  

Tuman bosqichlari yakuniga ko‘ra, Bektemir tumanining Zilola, Mirobod tumanining Sariko‘l, Mirzo Ulug‘bek tumanining Ahmad Yugnakiy, Olmazor tumanining Quyosh, Sergeli tumanining No‘g‘ayqo‘rg‘on, Uchtepa tumanining Istirohat, Chilonzor tumanining Katta Olmazor, Shayxontohur tumanining Bog‘ko‘cha, Yunusobod tumanining Oqtepa, Yangihayot tumanining Navqiron, Yakkasaroy tumanining Qushbegi va Yashnobod tumanining Do‘stobod mahallalari jamoalari g‘olib deb topildi.  

Musobaqaning shahar bosqichi ochilish marosimida DXX Toshkent shahri boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Bilalov va boshqalar so‘zga chiqdi. Tuman bosqichlarining eng yaxshi o‘yinchilari taqdirlandi. Shuningdek, shahar bosqichi jamoalari o‘rtasida qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqalar 7-10 iyun kunlari poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida o‘tkaziladi.

Toshkent shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoa O‘zbekiston Respublikasi DXX Raisi kubogida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Nigora Rahmonova, Yoqub Meliboyev (surat),

O‘zA