Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Minhojiddin Hojimatov: “Yoshi ulug‘ momo va onalarimiz xonadonlarimizning farishtasi, duogo‘yi”
14:21 / 2022-03-07

Farg‘ona viloyatida yasharish va yangilanish faslining ilk kunlarida nishonlanadigan nafosat hamda nazokat bayrami shukuhli onlarga boy bo‘lmoqda. “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni” degan bosh g‘oya asosida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Yoshi ulug‘ momolar, mehnat faxriylari holidan xabar olinib, sovg‘a-salomlar ulashilmoqda.

 Bugun turli sohada mehnat qilayotgan opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi faolligi tahsinga loyiq. Mamlakatimizda xotin-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni jamiyatning teng huquqli, faol hamda bunyodkor a’zosiga aylantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.  

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni shahar va tumanlarda keng nishonlanib, ularga hurmat va e’zoz ko‘rsatilmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Hojimatov hamda jamoatchilik vakillari “Xotin-qizlarni e’zozlash haftaligi” doirasida kayvoni onaxonlar, mehnat faxriylarini yo‘qlab, ularga samimiy bayram tabriklarini yetkazishdi. Farg‘ona shahar “Ma’rifat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, urush va mehnat faxriysi Tatyana Usmanova 101 yoshda.  

Keksalik gashtini surayotgan onaxon yo‘qlovdan boshi osmonga yetdi. Samimiy suhbat chog‘ida ko‘rsatilayotgan ehtirom uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, Buvayda tumanilik O‘zbekiston Qahramoni Patilaxon Ergasheva, “Qoraqum” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 126 yoshli Huvaydo momo Umarova va boshqa ko‘plab yoshi ulug‘ ayollarning xonadoniga borilib, ulardan xabar olindi. Bayram sovg‘alari topshirildi, ezgu tilaklar izhor qilindi. -Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat, ehtirom ko‘rsatish xalqimizning ezgu qadriyatdir, -deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov.

- Ayniqsa, Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida xotin-qizlar yanada ulug‘lanyapti, qo‘llab-quvvatlanib, ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshi ulug‘ momo va onalarimiz xonadonlarimizning farishtasi, duogo‘yi. Ularning suhbati esa yanada maroqli. Mana bunday yo‘qlovlar esa ularni behad mamnun etib, bayram kayfiyatini bag‘ishlamoqda. Farg‘ona shahridagi “Nafosat” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Farg‘ona mintaqaviy filialida nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan onalar uchun “Matonatli onalar” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Sumalak sayli, tadbirkor ayollarning turli yo‘nalishdagi ko‘rgazmalari, ayollar o‘rtasida sport musobaqalari, san’atkorlarning dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Viloyatdagi ikki yuzdan ziyod mahallalarda, tashkilot va korxonalarda bayram tadbirlar tashkil qilinib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, uy bekalari, yoshi ulug‘ onaxonlar, faollar taklif etildi.  

M. Sulaymonov, O‘zA