Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mingtepa – yurtimizning ko‘hna tarixidan so‘zlaydi
14:54 / 2022-02-25

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi tarixiy manbalar hamda arxeolog-olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatining poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.

Hozirda Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan. Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda, milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li” da joylashgan bu mahobatli shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dehqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan. 

Dovon davlatiga tashrif buyurgan Xitoy elchisi Chjan Syanning o‘z imperatori U-Diga yozgan hisobotlarida Dovonning qishloq va shaharlari obod, sug‘orma dehqonchilik va hunarmandchilik xo‘jaliklari yuksak darajada rivojlanganligi, kuchli qo‘shinga ega mamlakat ekanligini ta’riflaydi. Aholisi xushmuomala, mehmondo‘st, ko‘ngli ochiq ekanligi, xalqi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan arpa, bug‘doy, sholi, beda ekib, ulardan yuqori hosil olishini yozadi. Qolaversa, elchi Dovonning tinch va osoyishta mamlakat ekani, aholisi boy, turmushi farovon, tabiati go‘zal, ayniqsa, elchi Dovonning baquvvat, baland bo‘yli va kuchli duldul otlari haqida alohida to‘xtalganligi tarixchilar tomonidan qayd etiladi.  

Arxeologlarning e’tirof etishicha, “Mingtepa” yodgorligi inshootiga oid osori-atiqalar Farg‘ona vodiysidagi boshqa biror bir antik davr yodgorligida uchramaydi. “Mingtepa” yodgorligini o‘rganish, ilmiy tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 40-50-yillaridan boshlangan. O‘tgan yillar davomida “Mingtepa” xarobalari o‘rnida arxeolog-olimlar qazishma ishlarini olib borgan, ko‘plab qadimiy osori-atiqalar topilgan. bugungi kunda ham bu yerda izlanishlar davom etmoqda. Ayniqsa, 2012 yildan tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti arxeolog olimlari hamkorligida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida qadimiy poytaxt shahar xarobalaridan qimmatli topilmalar, moddiy ashyolar topilgan. Topilgan ashyolar, to‘plangan manbalardan kelib chiqib, 2017 yilda 2 ming yildan ziyod vaqt avval “Mingtepa” Farg‘ona vodiysidagi eng yirik, rivojlangan qasr-shahar bo‘lganligi, qator tarixiy manbalarda ta’kidlanganidek, Dovon davlati poytaxti Ershi, keyinchalik Mingtepa deb qayta nomlangan shahar ekanligi va uning joylashgan o‘rni haqida ma’lumot va ilmiy xulosalar e’lon qilindi.  

Yodgorlik hududidan topilgan osori-atiqalar, qurilish inshootlari qoldiqlari, kulolchilik idishlari, hayvon suyaklari va toshdan yasalgan yorg‘uchoqlar, xum idishlar, palahmonlar Mingtepaning haqiqatan ham o‘z vaqtida rivojlangan shahar bo‘lganini tasdiqladi. Olimlarning ta’kidlashicha, sopol idishlarga tirnab bezak berish vodiyda eramiz boshlarida yuksak darajaga yetgan. Mingtepada ana shunday tasvirlar tushirilgan sopol parchalari topilgan. Birida jangchi va qush, ikkinchisida esa ot tasviri tushirilgan. Mazkur nafis tasvirlar ajdodlarimizning yuksak did va mahoratidan darak beradi. Eng muhimi, shaharning ichki va tashqi devorlari juda murakkab va har qanday hujumga dosh beradigan qilib qurilgan. 

Ammo tashqi shahar va uni devorlari bugungacha saqlanmagan. Ichki shahar maydoni ham deyarli buzilib, ekin ekish uchun o‘zlashtirilib yuborilgan. 

– Hozirda “Mingtepa”ning ichki mudofaa devori hamda minoralari saqlanib qolingan, – deydi tadqiqotchi-tarixchi Shahlo Husanova. – Mudofaa devorining shimol va janub tomonlarida 12 tadan 24 ta, sharq va g‘arb tomonlarida 20 tadan 40 ta, jami 64 ta kuzatuv va qo‘riqlov minoralari bo‘lgan. Hozirga qadar 52 ta mudofaa devorlaridagi minoralar saqlangan. Mudofaa devorining umumiy uzunligi 2 ming 600 metr, tashqi devor bundan ham uzun bo‘lgan. Demak, o‘z davrida Mingtepa ikki qator mudofaa inshooti bilan o‘rab olingan mustahkam qal’a-shahar bo‘lgan. Bunday mustahkam mudofaa inshooti Farg‘ona vodiysidagi antik davrga tegishli boshqa birorta yodgorlikda aniqlanmagan. 

Hududda olib borilgan qazishma ishlarida uzunligi 30 metrcha, eni 140-170 santimetr bo‘lgan tosh yo‘lak aniqlandi. Mayda tosh to‘shalgan bunday yo‘l “Mingtepa” yodgorligining janubida ham topildi. Shuningdek, qazishmalarda yirik hajmdagi ko‘plab idish parchalari, xumlar qazib olindi. Arxeologlarning fikrlariga ko‘ra, bu topilmalar teri ishlash (ko‘nchilik) yoki to‘qimachilik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki mutaxassislar tekshirganlarida xumlar ostki qismi yer ostiga kovlab bir tekis qilib o‘rnatilgan va atrofi maxsus loy - qir (turpoq, kul va ohak aralashmasi) bilan o‘ralgan (gidroizolyatsiya qilingan). Mazkur topilmalar ehtimol Xitoy manbalari tilga olgan uzum sharbati ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Ya’ni, xitoylik tarixchilar manbaalarida Farg‘ona vodiysida uzum va uzum sharbati (may) yetishtirish rivojlanganligi qayd etiladi. 

Xalq orasida Mingtepa, Lo‘mbitepa, Jingirtepa deb nomlanuvchi tepaliklar borki, ularni o‘rganish, tadqiqot ishlarini olib borish bugungi kunda arxeolog olimlari oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi. Mingtepadagi tarixiy maskanlar, ziyoratgohlar va yodgorliklarni saqlash, obodonlashtirish, boy madaniy merosni tiklash, ana shu yo‘nalishdagi ezgu ishlarni keng jamoatchilik o‘rtasida ommalashtirish maqsadida 2018 yilda Marhamat tumanida “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tashkil etildi. bugungi kunda fond tomonidan Mingtepa yodgorligi va tumandagi boshqa tarixiy ziyoratgohlarning ahamiyati haqida  keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, fond tashabbusi bilan “Turon” o‘quv markazi tomonidan ochiq va yopiq “Mingtepa muzeyi ” tashkil etildi. Kelgusida butun “Mingtepa” yodgorligi majmuasini qamrab oluvchi ochiq osmon ostida muzey tashkil etish rejalashtirilgan.  

[gallery-5901]

“Mingtepa” yodgorligi, uni o‘rganish, tadqiq etish bo‘yicha turli davrlarda N. Ya. Bichurin, M. Ye. Masson, Yu. A. Zadneprovskiy, V. M. Masson, A. N. Bernshtam, B.X. Matboboyev, B. M. Abdullayev, A. Xo‘jayev, A. Egamberdiyev singari sharqshunos va arxeolog olimlar, yozuvchilarning xulosalari e’lon qilingan, kitoblari chop etilgan.  

“Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tarixchi-tadqiqotchi Shahlo Husanova tomonidan tayyorlanib, chop etilgan “Mingtepa” kitobida yuqoridagi olimlarning ilmiy xulosalari va kitoblari haqida to‘laqonli ma’lumotlar jamlangan. Bundan tashqari, jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Obidjon Mahmud Dovoniyning “Ko‘hna va boqiy Mingtepa. Qadim Farg‘ona tarixidan” nomli kitobidan ham “Mingtepa” haqida juda ko‘p ma’lumotlar o‘rin olgan.  
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning may oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida “Mingtepa arxeologik yodgorligini obodonlashtirish va uning bazasida turizmni tashkil etish, rivojlantirish” to‘g‘risidagi loyiha bilan tanishib, loyihani amalga oshirish yuzasidan qator topshiriq va tavsiyalar bergan edi. 

Ana shundan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida “Mingtepa” yodgorlik majmuasi hamda Marhamat tumanidagi boshqa tarixiy yodgorlik va ziyoratgohlarni qamrab olgan turistik yo‘nalishlar tashkil etildi. Majmua va boshqa turistik ob’ektlarni obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash, sayyoh va ziyoratchilarga qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  
Bir so‘z bilan aytganda, bugun yurtimizning qadim tarixidan so‘zlaguvchi “Mingtepa” yodgorlik majmuasini asrab-avaylash, o‘rganish, uni boricha kelajak avlodga yetkazish, bu orqali yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida qadim tariximizga hurmat, yurtga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan  sa’y-harakatlar davom etmoqda.  

Faxriddin UBAYDULLAEV, 
Zuxriddin UMRZOQOV (surat), 
O‘zA