Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mingdan ortiq ko‘chib yuruvchi tur yo‘qolib ketish xavfi ostida
11:37 / 2025-11-10

10 noyabr – Ko‘chib yuruvchi hayvonlar kuni

Yer sayyorasidagi har bir jonzot, o‘simlik va hayvonot olami ona tabiat yaxlitligini, ekotizim butunligini tashkil etadi. Jumladan, hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari sayyoramiz ekotizimlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Ammo so‘nggi vaqtlarda Yer sharida sodir bo‘layotgan ekologik muammolar —  iqlim o‘zgarishi, o‘rmonlarning, yaylovlarning qisqarishi, suv tanqisligi, cho‘llanish kabi muammolar bu turdagi hayvonlarga xavf-xatar tug‘dirmoqda.  

Ko‘chib yuruvchi hayvonlar kuni esa insoniyatni Yer yuzida erkin sayohat qiluvchi, lekin inson faoliyati tufayli tobora xavf ostida qolayotgan hayvonlar haqida o‘ylashga undaydi.

1979 yilda Germaniyaning Bonn shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyasi imzolangan va 1983 yilda kuchga kirgan. Mazkur Konvensiyaga 133 davlat a’zo.  Jumladan, O‘zbekiston ham 1998 yilda mazkur Konvensiyaga qo‘shilgan.  

BMTning ushbu hujjati ko‘chib yuruvchi hayvonlar o‘tadigan davlatlarni, poligon shtatlarini birlashtiradi, xalqaro miqyosda kelishilgan tabiatni muhofaza qilish choralari uchun huquqiy asos yaratadi.

Ko‘chib yuruvchi hayvonlar fasllarga, ozuqa yoki ko‘payish joylariga qarab minglab kilometr yo‘l bosib o‘tuvchi mavjudotlardir. Ular orasida qushlar, kitlar, delfinlar, bug‘ular, antilopalar va hatto, kapalaklar ham bor. Har bir sayohat hayot uchun kurashdir.

Afsuski, ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mingdan ortiq ko‘chib yuruvchi tur yo‘qolib ketish xavfi ostida. Bunga tabiiy yashash joylarining qisqarishi, iqlim o‘zgarishi, yo‘llar, elektr tarmoqlari va urbanizatsiya, plastik chiqindilar va suv ifloslanishi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.  

O‘zbekistonda ham har yili turnalar, flamingolar, laylaklar uzoq masofalarni bosib o‘tadi. Ammo ularning soni asta-sekin kamaymoqda. Bu esa ogohlantirish bo‘lishi mumkin.

Ko‘chib yuruvchi hayvonlar urug‘larni tarqatadi, hasharotlar sonini me’yorda ushlab turadi, suv va yer ekotizimlarini bog‘laydi, bir so‘z bilan aytganda, biologik xilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutadi. Ularning kamayishi yoki yo‘qolib ketishi tabiatdagi muvozanat buzilishiga, bioxilma-xillik yo‘qolishiga olib keladi. Shunday ekan, tabiatning muhim qismi bo‘lgan hayvonlarni asrash, ularga zarar yetkazmaslik insoniyatning tabiat va hayvonot olami oldidagi muhim vazifasi bo‘lmog‘i lozim.    

Muhtarama Komilova, O‘zA