Tadbirkorlik sub’ektlari elektr energiyasi uchun xarajatlarni sezilarli darajada tejashi va elektr qurilmalarni bir me’yorda ishlashi uchun reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalardan foydalanishi zarur.
«O‘zenergoinspeksiya» tomonidan iste’molchilarda quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda.
Unga ko‘ra, o‘tgan muddatda 455 ming 984 kVar quvvatga ega bo‘lgan 2 ming 134 ta reaktiv quvvat kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlangan. Bu ishlar natijasida har oyda 4 million 206 ming kVt⋅soat elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishilgan.
Biroq iste’molchilarning elektr qurilmalarini bir me’yorda ishlash omili hisoblangan ushbu qurilmalardan foydalanishda ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
O‘rganishlarga ko‘ra, reaktiv quvvat kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatish yuzasidan inspeksiya tomonidan berilgan ko‘rsatmalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamagan 1 ming 46 ta iste’molchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi qaroriga asosan iste’molchilar tomonidan reaktiv quvvatni yetarli darajada kompensatsiya qilinmasa, tarmoqlarda aktiv energiyaning qo‘shimcha yo‘qotishlari uchun qayta hisob-kitoblar amaldagi tarifga nisbatan uch baravar miqdorda hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA