French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mingbuloqliklar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
06:47 / 2025-04-19

Prezidentimizning “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil siyosati natijasida jahon miqyosida o‘ta noyob va qimmatbaho sanalgan mobil-angiograflar mamlakatimizga keltirilgan edi.

Markaziy Osiyo va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari ichida yagona bo‘lgan mazkur ko‘p qirrali ko‘chma diagnostik tizim yurtimizning olis tumanlari, chekka qishloqlarida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarning mushkulini oson qilib kelmoqda.  

Mazkur noyob tibbiyot uskunasi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligining sa’y-harakatlari bilan Namangan viloyatining Mingbuloq tumaniga keltirildi.

Milliy tibbiyot markazining yetuk olim-shifokorlari imtiyozli toifaga kiritilgan yurak xastaliklariga yo‘liqqan oltmishga yaqin nogironligi bor, keksa, kam ta’minlangan oila vakillarini koronografiya tekshiruvlaridan o‘tkazdi. O‘ndan ortiq bemorda poytaxtimizda bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi, yana bir guruh kishilarni esa viloyat, tuman shifoxonalarida imtiyozli davolash choralari belgilandi. 

– Ochig‘ini aytishim kerak, yuqori texnologik tekshiruvdan o‘tish va shifokor tavsiyalarini bajarish uchun moddiy imkoniyatim aslo yo‘q edi. Shunday imkoniyat tumanimizda hozir etildi. Tromb hayotimga jiddiy xavf solib turganligini aniqlandi. Toshkentda operatsiya qilib, bepul davolashlarini aytishdi. Biz fuqarolarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad minnatdormiz, – deydi Ergashali Kenjaboyev.

Tadbir davomida vazirlik hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari aholi bilan sog‘lom turmush tarzi haqida muloqotga kirishdilar. Ko‘rik natijalaridan kelib chiqqan holda, mahalliy shifokorlarga tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan muhim yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA