Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostidagi ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi.
Tuman hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi, yoshlar ittifoqi hamkorligida karantin talablari asosida tashkillangan mazkur marafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan katta-yu kichik aholi vakillari start chizig‘i - Sirdaryoning ko‘prigidan boshlab, “Do‘stlik” istirohat bog‘ining darvozasi oldidagi marra chizig‘iga bo‘lgan uch kilometr masofa bo‘ylab yugurdilar.


Marafonda tuman jismoniy tarbiya va sport bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi bo‘limi, maktablar va boshqa korxona, tashkilotlarning ishchi xodimlari hamda 500 nafardan ziyod uyushmagan yosh o‘g‘il-qiz qamrab olindi.
Belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha ayol-qizlar o‘rtasida Go‘zal Nabijonova, erkaklar o‘rtasida Jamshidbek Najmiddinov birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.


Marafon g‘olib-sovrindorlariga tuman hokimi va tuman prokurori rahbarligidagi sektorlar tomonidan ta’sis etilgan qimmatbaxo sovg‘alar taqdim etildi.
— Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bunday tadbirlarni yana ko‘proq o‘tkazamiz, sababi koronavirusning sportni sevgan insonga ta’siri kamroq bo‘ldi, — dedi Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.