So‘ngi yillarda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Quyosh, shamol va gidroenergetika yo‘nalishlarida aholi va tadbirkorlar uchun imtiyozlar, subsidiyalar joriy etildi. Shuningdek, aholi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlariga sotish mexanizmi ham yo‘lga qo‘yildi. Bu esa qayta tiklanuvchi energiyaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda.
Ana shunday ijobiy o‘zgarishlar natijasida Namangan viloyati Mingbuloq tumanida tadbirkorlar tashabbusi bilan Zardaryo kanaliga mini gidroelektrostansiya (mini GES) o‘rnatildi. Ushbu inshoot soatiga 30 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, mahalliy ehtiyojlarni qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mini GES Eron Islom Respublikasidan keltirilgan bo‘lib, uni o‘rnatish ishlari eronlik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilgan. Loyiha zamonaviy va ixcham texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, kanal oqimidan samarali foydalanish imkonini beradi.
GES o‘rnatgan korxona mutaxassisi Muhammadsolih Ahmadaliyevning ta’kidlashicha, ushbu g‘oya Eronda kichik gidroelektrostansiyalar faoliyati bilan tanishish jarayonida paydo bo‘lgan.
“Eronda shunday mini GESlar orqali arzon va uzluksiz elektr energiyasi olinayotganini ko‘rib, Mingbuloqdagi Zardaryo kanalida ham shunday loyihani amalga oshirishga qaror qildik”, — deydi u.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, mini GES ekologik toza, deyarli xarajatsiz elektr energiyasi manbai hisoblanadi. Kanal oqimi mavjud ekan, u uzluksiz ravishda energiya ishlab chiqaradi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Bu kabi loyihalar hududlarda energiya ta’minotini yaxshilash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirishga xizmat qiladi. Mingbuloq tumanida ishga tushirilgan ushbu mini GES esa kelgusida boshqa hududlar uchun ham namunaviy tajriba bo‘lishi kutilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/68qVE6U3fz0?si=OnD1Mh4urXDiejVQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA