Xalq deputatlari Mingbuloq tumani Kengashi sessiyasida tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyev hududda 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan hisobot berdi.
Ushbu sessiyalar hokimlarning xalqqa Murojaatnomasi shaklida o‘tkazilmoqda. Sababi, bu yilda bajarilmay qolgan ishlar, vazifalar, shuningdek, kelgusi yilda har bir sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida ma’lumot beriladi.
– Bugun har birimizning amalga oshirayotgan ishlarimiz davlatimiz qudrati va salohiyatini yanada oshirish, yangi O‘zbekistonni dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yuksaltirish, asosiysi, xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan. Prezidentimiz Konstitutsiya kuni munosabati bilan yurtdoshlarimizga yo‘llagan tabrigida “Xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – davlatimiz va jamiyatimizning bosh vazifasidir”, deb bejiz ta’kidlamadi. Davlat va jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan rivojlanib borgan sari inson manfaati, xalq turmush darajasi ham yuksaladi. Respublikamizdagi olis tumanlardan biri bo‘lgan Mingbuloq tumanida ham barcha soha vakillari mehnatsevar xalqimiz bilan birgalikda yuqoridagi ezgu maqsadlar yo‘lida faoliyat yuritmoqda, – dedi hokim.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijasiga ko‘ra Mingbuloq tumani "qoniqarsiz hudud", deb baholangan edi. Ushbu ko‘rsatkichni yaxshilash uchun tumanda nima ishlar qilinmoqda?

Qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida tumanning asosiy ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 418,3 milliard so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy qiymati 64,4 milliard so‘m bo‘lgan 74 ta loyiha foydalanishga topshirilib, 387 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil boshidan buyon 321 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi va 240 ta kichik biznes sub’ektining faoliyati qayta tiklanib, 1 ming 178 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Tijorat banklari tomonidan hunarmandchilik yo‘nalishidagi 161 ta loyiha uchun 3,7 milliard so‘m kredit ajratilib, ushbu yo‘nalishda 263 ta ish o‘rni yaratilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida esa 35,1 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. O‘zini o‘zi band qilish orqali 2 ming 221 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Pandemiya davrida aholining aksariyat qismi daromadini yo‘qotdi. Yurtboshimizning tegishli farmon va qarorlari asosida yaratilgan imtiyoz va yengilliklar hisobiga tumandagi 13 ta tadbirkorlik sub’ektining 18 milliard 21 million so‘m kredit to‘lovi muddatlari uzaytirildi. Aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 3 ming 492 nafar fuqaroga 180 milliard so‘mga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Tumanning eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining ko‘payishi hisobiga 2020 yil uchun rejalashtirilgan 13 million 400 ming dollarlik eksport prognoz rejasi 11 oyda 14 million 89 ming dollarga bajarildi. Yoki 20 ming tonnadan ortiq meva-savzavot mahsulotlari eksport qilindi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihasiga ko‘ra tumanda mavjud 72 ta ijtimoiy soha ob’ektida optik tolali aloqa liniyalari orqali yuqori tezlikdagi internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yaratildi. Mobil aloqa tarmoqlari sifatini yanada yaxshilash uchun 9 ta mobil aloqa baza stansiyasi yangidan o‘rnatildi, 13 tasi modernizatsiya qilindi.
Investitsiya dasturi asosida 5 ta ijtimoiy soha ob’ektini qurilish-ta’mirlash ishlariga 13 milliard 43 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 2 ta 48 xonadonli ko‘p qavatli turar-joy qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ta ko‘p qavatli turar-joy binolari joriy hamda mukammal ta’mirlandi.
Pandemiya sharoitida aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etilib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, olib borilgan ishlar natijasida ehtiyojmand va yordamga muhtoj 2 ming 353 ta oila ro‘yxati shakllantirilib,
“Temir daftar”ga kiritildi. O‘tgan davr mobaynida ushbu oilalardagi 3 ming 243 nafar mehnatga layoqatli fuqaroning bandligi ta’minlanib, 2 ming 135 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Mingbuloq tumani hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 1 ming 167 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 312 taga ko‘p, demakdir.
Sessiyada keyingi yilda amalga oshirilishi belgilangan yangi loyihalar xususida ham ma’lumot berildi. Yakunda jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA