Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mingbuloq qovunlari Yevropaga eksport qilinadi
07:51 / 2020-08-09

Tumandagi Madyarovul mahallasida tadbirkor S. Olimjonov tomonidan sigʻimi 500 tonnali muzlatgich ombor va savdo majmuasi barpo etilmoqda.


Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida 2020-2021-yillar mobaynida Mingbuloq tumanida umumiy qiymati 552 milliard soʻmga teng 129 ta loyiha amalga oshirilishi va 2 ming 200 dan koʻproq ish oʻrni yaratilishi belgilangan. Yilning oʻtgan davrida 22 milliard soʻmlik 34 ta loyiha ishga tushirilib, ularda 150 kishi ish bilan taʼminlandi.

Eʼtiborlisi, tuman tadbirkorlari tashabbusi bilan mahalliy imkoniyatlardan oqilona foydalanib, nafaqat tuman yoki viloyat, balki mamlakat miqyosida katta ahamiyatga ega loyihalarga kirishilayotganidir. Jumladan, “Mingbuloq eksport agro tomorqa xizmati” tomonidan Qolgandaryo massivida 100 gektar maydonda qovun yetishtirish, ularni sublimatsiya usulida qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Ushbu loyihada 200 dan ortiq ish oʻrni yaratilishi, tayyorlangan mahsulot esa Yevropa davlatlari, BAA, Rossiya, Xitoy va Indoneziyaga eksport qilinishi, eksport hajmi esa 4,3 milliard dollarni tashkil etishi koʻzda tutilgan.

Tumandagi Madyarovul mahallasida tadbirkor S. Olimjonov tomonidan sigʻimi 500 tonnali muzlatgich ombor va savdo majmuasi barpo etilmoqda. Tadbirkorning uch milliard soʻm sarmoyasi bilan qurilayotgan majmua tarkibidagi tikuvchilik sexi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalarida 50 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, “Green House” xususiy korxonasi tomonidan 5,8 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritib, 1 ming 500 tonna pomidor va 100 tonna qulupnay yetishtirishga moʻljallangan zamonaviy issiqxona va muzlatgich ombori, Hayitobod mahallasida bir gektar maydonda intensiv usulda baliq yetishtirish va 200 oʻrinli kemping qurish, Birlashgan mahallasida bir yilda 10 mingta avtomobilga polirovka va deteyling xizmati koʻrsatish kabi koʻplab istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish borasidagi ishlar ham qizgʻin davom ettirilmoqda.