Namangan viloyatining Mingbuloq tumani bobodehqonlari joriy yildagi “oq-oltin” mavsumiga har qachongidan-da puxta hozirlik ko‘rdi.
“Cho‘lquvarlar” zaminida erta bahorda 12 916 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, mingbuloqlik paxtakorlar tomonidan 50 ming 631 tonna paxta xirmonini yaratish uchun astoydil mehnat qilinmoqda.
E’tiborlisi shundaki, Mingbuloq “Gigant” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Hamidjonov Hamidxon” fermer xo‘jaligiga qarashli dalalarda Farg‘ona vodiysida birinchilardan bo‘lib paxta ochildi.

Mazkur xo‘jalikda g‘o‘zaning “Andijon-35” navi ekilib, 53,2 gektar maydondan 48 sentnerdan oshiq hosil yig‘ishtirib olish ko‘zda tutilgan. Fermer Jahongir Jaminov 259 tonnalik rejani o‘z vaqtida ado etib, mo‘may daromad topish harakatida.
Ma’lumot uchun, Namangan viloyatida yangi mavsumda 253 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur hosilning 20 foizdan ortiq ulushi aynan, Mingbuloq tumani hisobiga to‘g‘ri keladi. Tuman fermerlari o‘tgan yilgi 72 milliard so‘m sof daromad miqdorini yanada oshirish niyatida.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA