FOTOREPORTAJ
Samarqand viloyati Urgut tumaniga tashrif buyurgan mehmon, albatta, “Chor chinor”ni ziyorat qiladi. Bo‘yi 30-35 metr atrofidagi qadimiy chinorlar ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan soya-salqin go‘sha buyuk olimu fuzalolar mangu qo‘nim topgan maskan sifatida e’zozlanadi.
XIX - XX asrlarga oid ziyoratgohning tarixi arab sarkardalaridan biri Hoja Abu Tolibning ushbu hududga hukmdorlik qilishi bilan bog‘lanadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Abu Tolib mazkur joydagi buloq atrofiga to‘rt dona chinor ektiradi. Va bugun hududni qoplagan chinorlar ushbu chinorlardan ko‘paygan. “Chor chinor” majmuasidagi binoning dastlabkisi 1914 yilda Shayx Muhiddinxon tomonidan qurilgan masjid hisoblanadi. Ushbu masjid dastlab madrasa vazifasini o‘tagan.
[gallery-12958]
Majmuadagi diqqatni tortuvchi nuqtalardan biri chinor-hujra bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu chinor kavagidan o‘quv xona sifatida foydalanilgan. Hududdagi buloq bugungi kunda ham yon-atrofdagi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Ayni paytda majmua ta’mirlanish jarayonida. Afsuski, bir necha yildan buyon ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmay, ziyoratchilarga ham, bu yerda faoliyat yurituvchilarga ham noqulaylik tug‘dirmoqda. O‘ylaymizki, mas’ullar tez orada ushbu muqaddas zaminni yanada obod maskanga aylantirib, barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
Alisher ISROILOV(surat),O‘zA