Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ming gektar tomorqaning suv ta’minoti yaxshilandi
11:57 / 2023-08-16

Mamlakatimizda suv ta’minoti og‘ir hududlarda artezian quduqlarini burg‘ulab, ishga tushirgan fuqarolarga davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar ajratilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 fevralda qabul qilingan tegishli qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yuklatilgan.

Unga ko‘ra, aholi tomorqa yerini sug‘orish uchun chuqurligi 10 metrdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 5 metrdan ortiq bo‘lgan kichik hajmdagi har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni 100 foizi to‘lab beriladi. Biroq, harajatlar bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi kerak.

Shuningdek, kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sug‘orishda qo‘l keladigan katta hajmdagi vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq 150 million so‘mdan oshmagan xarajatlar uchun subsidiyalar beriladi.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida manzilli ro‘yxat asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 295 ta MFYlarda jami 412  ta, shundan 72 ta kichik va 340 ta katta hajmdagi artezian quduqlarni burg‘ulab ishga tushirildi.

Buning uchun O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 48 mlrd 200 mln so‘m subsidiya ajratdi.

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida suv ta’minoti og‘ir hududlardagi 10 mingdan ortiq tomorqa yer egalariga tegishli 1 233 gektar ekin maydonlarini sug‘orish yaxshilandi.

Fazliddin Hamrayev

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakili