Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ming dardga davo
18:15 / 2015-10-06

Yakkabog‘ tumanidagi "Umarxo‘ja Karimovich" naslchilik xo‘jaligida karpat zotli, sovuqqa chidamli va mahsuldor bolari oilalari ko‘paytirilib, dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilayotir.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish jarayonida fermerlik harakatini rivojlantirish, chorva, baliq va asalari yetishtirishni kengaytirishga qaratilayotgan alohida e’tibor bozorlarimizning to‘kinligini ta’minlab, aholiga sifatli, arzon va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda asal yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklar, yakka tartibda ish yurituvchilar safi yildan-yilga ortib bormoqda.

Qashqadaryo viloyatida ham asalarichilik yo‘nalishida mahsulot yetishtirish ko‘lami kengaymoqda. 2014-yilda mazkur tarmoqda 18 yangi loyiha hayotga tatbiq etildi. Natijada asalari oilalari soni 3 ming 520 taga ko‘paydi. Joriy yilda viloyatda 50 dan ortiq asalarichilik subyekti tashkil etilib, 882 tonna asal yetishtirish rejalashtirilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sohada erishilayotgan yutuqlarda nafaqat asalari oilalarini ko‘paytirish, balki naslchilik ishlari, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash bo‘yicha tajriba ortayotgani ham muhim omil bo‘lmoqda. Bunday ishlar kichik biznes subyektlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mahsuldor bolarilar ko‘paytirilmoqda.

Yakkabog‘ tumanidagi "Umarxo‘ja Karimovich" naslchilik xo‘jaligida karpat zotli, sovuqqa chidamli va mahsuldor bolari oilalari ko‘paytirilib, dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilayotir.

– Asalarichilik mehnat, chuqur bilim va tajriba talab qiladi. Eng muhimi, asalchi arining o‘ziday mehnatkash va sabrli bo‘lishi kerak, shundagina ko‘zlagan maqsadiga erishadi, – deydi xo‘jalik rahbari Zilola Umarova. – O‘tgan yili shartnoma asosida 2,5 ming dona karpat zotli asalari va 500 paket bolari oilasi yetkazib berdik. Joriy yilda 5 ming asalari oilasini eksport qilish uchun shartnoma imzoladik. Ayni paytda xo‘jaligimizda 500 asalari oilasi parvarishlanib, yiliga 12 tonna asal yetkazib bermoqdamiz.

Asal tarkibida inson organizmi uchun zarur va foydali bo‘lgan yuzdan ortiq mikroelementlar mavjud. Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, navqironlikni saqlab qolish, quvvatni mustahkamlash uchun asal iste’mol qilib turish zarur. U shamollash, holsizlik, asab xastaliklariga yaxshi davo. Ayniqsa, bolalar va keksalarga juda foydali.

Bugun xalqimiz turmush farovonligi oshishi bilan birga, mahsulotga bo‘lgan talabi va iste’mol madaniyati ham yuksalib bormoqda. Iste’molchi talabiga ko‘ra ish yuritgan tadbirkor yutqazmaydi. Asalni chiroyli va xaridorbop, bejirim idishlarda qadoqlash davr talabiga aylandi. Yangi tashkil etilayotgan asalarichilik subyektlarini zarur jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday jihozlar viloyatning o‘zida tayyorlanmoqda.

Kitob tumanidagi “Nektar kafolat” xususiy korxonasi bu borada ko‘pchilikka ibrat bo‘layotir. Korxona tabiiy asalni yog‘och idishlarda qadoqlashni yo‘lga qo‘ygan. Bunday usulda qadoqlangan asalning sifati uzoq vaqtgacha buzilmaydi. “Koson yog‘-ekstraksiya” aksiyadorlik jamiyati korxonasining asalarichilik xo‘jaligi ham asalni iste’molchilarga bejirim idishlarda qadoqlangan holda yetkazib bermoqda.

– Asalni iste’molchilarga bejirim va xaridorbop idishlarda yetkazib berish maqsadida xorijdan zamonaviy asal qadoqlash uskunasi keltirdik, – deydi “Koson yog‘-ekstraksiya” aksiyadorlik jamiyati reja va iqtisod bo‘limi boshlig‘i Shokir Jabborov. – Asal sovuqda, ya’ni kuz-qish oylarida quyuqlashib qoladi. Bu qadoqlash jarayonini qiyinlashtiradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu holatda asalni eritish uchun issiqlik 40 darajadan oshmasligi kerak. Asal qo‘lbola usulda qadoqlanganda issiqlikni nazorat qilish qiyin. Harorat me’yoridan biroz oshsa ham asalning shifobaxshligini ta’minlovchi komponentlar tarkibi o‘zgaradi. Qolaversa, sanitariya-gigiyena qoidalari buziladi, ko‘p vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi. Asal qadoqlash uskunasida maxsus termoregulyator o‘rnatilgan bo‘lib, harorat 40 darajaga yetganda avtomatik tarzda “tent”lar o‘chadi. Asalning sifati buzilmaydi. Uskunada maxsus filtr bo‘lib, u asalga qo‘shilib ketishi mumkin bo‘lgan gardlarni tutib qoladi va tiniqligini ta’minlaydi. Ushbu uskuna bir smenada, ya’ni sakkiz soatda 200 kilogrammgacha asal qadoqlash quvvatiga ega. Hozirgi vaqtda asal 1-1,5 kilogrammlik idishlarda qadoqlanmoqda. Kelgusida 50, 100, 200, 500 grammlik idishlarda ham qadoqlashni yo‘lga qo‘yishrejalashtirilgan.

Muxtasar aytganda, viloyatda asalarichilik tarmog‘ining rivojlanishi aholining shifobaxsh mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida, uni bejirim idishlarda qadoqlab eksportga chiqarish orqali mamlakat iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qiladi.