Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ming asrlar ichra pinhon tarixni o‘rganuvchi markaz
11:50 / 2024-10-28

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Sharq Renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi O‘zbekiston madaniy merosi haftaligining tantanali yopilishiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimiz va xorijlik olimlar, ekspertlar, muzeyshunoslar, restavratorlar, yozuvchi va shoirlar, din sohasi vakillari, kutubxonachilar, talaba-yoshlar, muallimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, taniqli sharqshunos olim Bahrom Abduhalimov moderatorlik qilgan ushbu anjumanda dunyoda kechayotgan bugungi tahlikali va ziddiyatli jarayonlarda bashariyatga islomning ma’rifiy g‘oyasini to‘g‘ri yetkazish, buyuk ajdodlarimizning merosini chuqur o‘rganish masalasi nechog‘li dolzarb va muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ushbu ma’rifiy haftalik katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilganini alohida e’tirof etdi.

– Bugun dunyo maydonida yuz berayotgan global muammolarning yechimi qadriyatlar, madaniyatlar, dinimizning ezgu g‘oyalarini targ‘ib etish bilan bog‘liq, – dedi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. – Ezgu qadriyatlarning yemirilishi xalqlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga, ziddiyatlarga olib kelayotganini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Haftalik turli ezgu g‘oyalar, tashabbuslar, loyihalar uchun muhim platforma vazifasini bajardi. Bunday mega loyihalar, ular doirasidagi anjuman va ko‘rgazmalar, taqdimotlar, ilmiy izlanishlar tarix uchun emas, kelajak uchun ham juda muhimdir.

O‘zbekiston Qahramoni, atoqli matematik olim Shavkat Ayupov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi zaminimizdan yetishib chiqqan allomalarning merosi, faoliyatini jahonga kengroq tanitishda, ma’rifiy sohani ravnaq toptirishda, yoshlar tafakkurini yuksaltirishda ulkan ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Toshkentning o‘rtasida bunday markazning tashkil etilgani sizning kim ekanligingizni tushuntirishi bilan birga mening ham kimligimni yanada teranroq anglashimga yordam berdi, – dedi taniqli tarixshunos, islomshunos olim, Oksford universiteti professori Farxon Nizomiy. – Bu markaz o‘tmish bilan birga kelajak uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ham eslatadi. O‘zbek olimlari o‘z kashfiyotlari bilan dunyoning katta qismi rivoji uchun zalvorli hissa qo‘shganlar. Biz sizdan ko‘p narsalarni oldik, o‘rgandik va burchdor ekanimizni dildan anglamoqdamiz.

Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muqaddas islom dinining ezgu va tinchlikparvar, ma’rifatparvar g‘oyalarini to‘g‘ri tushuntirishga yo‘naltirilganini yuksak baholadi va O‘zbekiston o‘tgan yetti yillar davomida bu yo‘nalishda boshqa davlatlarga namuna bo‘lishga arzigulik ulkan qadamlar qo‘yganini qayd etdi.

– Erkin Vohidovning 1960 yillarda yozgan “O‘zbegim” she’ri men uchun g‘oyat qadrli, – dedi turkiyalik olim Emek Ushenmez. – “Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, O‘zbegim” deb boshlanuvchi ushbu qasidani yoddan bilaman. Islom sivilizatsiyasi markazi ham ming asrlar ichra pinhon tarixni o‘rganish, oshkor etish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda. 2017 yildan buyon O‘zbekistonga kelib-ketayapman. Bu yurt men uchun ota-Vatan. O‘zbeklar – dunyodagi eng mehmondo‘st, o‘tmishi O‘rxun xatiga, qadim-qadim zamonlarga tutash bo‘lgan oqko‘ngil xalq. Ko‘p yillar avval O‘zbekistonni xaritadan topish qiyin edi. Bugun esa O‘zbekistondek tabarruk diyorga butun dunyodan minglab olimlar, oddiy sayyohlar kelishni orzu qilmoqda.

O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyevning fikricha, ushbu markaz va umuman mamlakatimizda kechayotgan ma’rifiy yangilanish jarayonlari millatimizni uyg‘otish uchun g‘oyat muhimdir. E’tirof etilganidek, milliy tariximizga, madaniyatimiz va san’atimizga doir merosning juda katta qismi, qadimiy qo‘lyozmalar hali o‘zining mukammal tadqiqotini, ko‘plab izlanishlarni, o‘rganishlarni kutmoqda. Davlatimiz rahbarining Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etishdek g‘oyasi esa bu yo‘ldagi sharafli, g‘oyat mas’uliyatli, saodatli, ulkan qadamdir.

– Ushbu haftalik barchamizni Prezidentimizning ezgu ma’rifiy g‘oyalari atrofida birlashtirdi, – dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Markaz uchun juda muhtasham bino barpo etildi. Ayni paytda uning ichki qismini boy va sermazmun kontent bilan to‘ldirish dolzarbdir. Haftalik davomida ana shu kontent uchun taqdim etilgan loyihalar, ma’rifiy g‘oyalar, izlanishlar, zamonaviy texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan ishlanmalar bilan batafsil tanishishga muvaffaq bo‘ldik.

Aytish kerakki, bir hafta davomida poytaxtimizdagi muzeylar, Fanlar akademiyasi tarkibidagi institutlar, Islom sivilizatsiyasi markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa ma’rifat dargohlarida yurtimiz va xorijlik olimlarning 30 dan ortiq muloqoti, anjumanlari, Qur’oni Karimning turli davrlarga oid nusxalari, qadimiy qo‘lyozmalar, badiiy asarlarning ko‘rgazmalari tashkil etildi. Islom sivilizatsiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 200 dan ortiq g‘oya va takliflar bildirildi. Ustoz adabiyotshunoslar, fanning turli yo‘nalishlarida O‘zbekiston obro‘siga obro‘ qo‘shayotgan olimlar, chet ellik nufuzli mutaxassislar islomning ma’rifiy ziyosi, ajdodlarimiz merosini o‘rganishga doir o‘zaro fikr almashdi. Xorijlik mehmonlar yurtimizdagi yangilanish jarayonlari, islohotlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Sharq Renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi xorijlik mehmonlar uchun ham, Islom sivilizatsiya markazining faoliyatini takomillashtirish uchun ham, tadqiqotchi, talaba-yoshlar, soha vakillarining muloqoti uchun ham juda foydali, samarali, natijador, mazmunli bo‘ldi.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri