Joriy yilning 24-26 iyun kunlari Toshkent shahrida "MINEX Central Asia 2025" xalqaro geologiya va konchilik forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forumda 15 dan ortiq davlatdan vakillar ishtirok etdi.
Mas’ullar qayd etganidek, geologiya va konchilik sohasi nafaqat tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish, balki milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va energiya xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. "MINEX Central Asia 2025" kabi forumlar esa ushbu strategik sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va ekologik yondashuvlar asosida barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan platformalardan biridir.
Ushbu nufuzli tadbirdan ko‘zlangan maqsad Markaziy Osiyoda geologiya, mineral resurslar va uran energetikasi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, ilmiy bilim va ilg‘or tajribalarni almashishga qaratilgan. Tadbir doirasida “Konchilik va kon maydonlarini o‘zlashtirgandan keyingi ekologik rekultivatsiya”, “Uran – kelajak energiyasi manbai”, “Ilmiy hamkorlik va inson kapitalini rivojlantirish”, “Konchilik ishlab chiqarishini optimallashtirish - eng yaxshi amaliyotlar va texnologiyalar” kabi dolzarb mavzularda beshta sessiya tashkil etildi. “Uran – kelajak energiyasi manbai” mavzusidagi sessiya doirasida uran sanoatining ESG talablariga mos rivojlanishi, sohadagi xavfsizlik siyosati, investitsiyaviy muhit va yadroviy texnologiyalarning istiqbollari haqida fikr almashildi. Mazkur sessiyada mamlakatimizda uran qazib chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, xalqaro sheriklik doirasida yurtimizda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishidagi rejalar haqida axborot berildi.
Forumning “Ilmiy hamkorlik va inson kapitalini rivojlantirish” nomli sessiyasida Geologiya fanlari universiteti rektori A’zam Qodirxo‘jayev so‘zga chiqib, universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro ilmiy loyihalardagi ishtirok, zamonaviy geologlarni tayyorlashda qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar haqida taqdimot qildi. Shuningdek, yosh olimlar uchun ajratilgan grantlar, stajirovka dasturlari va chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Vazirlik axborot xizmati rahbari Azamat Akobirov ushbu nufuzli tadbirning O‘zbekiston uchun ahamiyatini alohida qayd etdi.
– Bugungi kunda mazkur yo‘nalishlardagi islohotlar nafaqat milliy iqtisodiyot rivoji, balki xalqaro hamkorlikdagi faol ishtirokimiz uchun ham asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston uran qazib chiqarish va qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, inson salohiyatini oshirish bo‘yicha qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Forum doirasida mazkur yo‘nalishlardagi yutuqlar, rejalar va istiqbollar to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, fikr va tajriba almashish imkoniyati yaratildi. MINEX kabi platformalar mutaxassislarimizga yangi bilim va texnologiyalarni o‘rganish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, investitsiyaviy salohiyatni namoyon etish va tarmoqni barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish uchun muhim ahamiyatga ega, – dedi A.Akobirov.
Forumning uchinchi kunida ishtirokchilar uchun Davlat geologiya muzeyiga maxsus ekskursiya tashkil etildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA