Bugun Sochi shahrida kimyo sanoati yo‘nalishida nufuzli sanalgan “Mineral o‘g‘itlar PRO” 3-xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
“O‘zkimyosanoat” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, forumda 8 davlatdan 300 dan ziyod ekspert va kimyo sanoati vakillari ishtirok etmoqda. Ular mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishdagi global tendensiyalar, texnologiyalar transferini joriy etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish borasida fikr almashyapti.

Muhimi, tadbir mineral o‘g‘itlar bozoridagi holat, modernizatsiya jarayonlari, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va barqaror sanoat siyosatini amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan xalqaro muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Ushbu forumda O‘zbekiston nomidan mamlakatimiz kimyo sanoati flagman korxonalaridan biri bo‘lgan "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Farrux Samadov rahbarligidagi delegatsiya qatnashyapti.

–Mineral o‘g‘itlar sanoati jahon qishloq xo‘jaligi bozori barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Bugun biznes va texnologiya sohasidagi global hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston ham faol ishtirok etadi va "Navoiyazot" kompaniyasi o‘zining yuqori texnologik salohiyati bilan xalqaro bozorda munosib raqobat qila oladi. Shu ma’noda, ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etish biz, soha vakillari uchun har jihatdan foydali. Biz uch kun davomida mutaxassislar bilan muloqot qilamiz va xalqaro tajribani o‘rganamiz. Bu esa bizga katta imkoniyatdir, – dedi "Navoiyazot" AJ boshqaruvi raisi Farrux Samadov.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur forum mintaqada kimyo sanoati uchun yangi ishlanmalarni joriy etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA