Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliylik g‘ururimiz, milliylik faxrimiz
15:39 / 2026-02-24

Guliston tumanida “Ayollarni e’zozlash” oyligi doirasida “Milliylik g‘ururimiz – milliylik faxrimiz” shiori ostida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, milliy liboslarimizni keng targ‘ib qilish hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva, Guliston tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Xudoyberdiyeva hamda dizayner Dilfuza Malikovalar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Nargiza Tojiboyeva milliylikni asrash bugungi kunda ayniqsa muhim vazifa ekanini ta’kidladi:

–  Milliylik — bu shunchaki urf-odat yoki libos emas. U xalqimizning tarixi, qadriyatlari va ma’naviy dunyoqarashini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Ayollar esa ana shu merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda asosiy o‘rin tutadi. Biz milliy liboslarimizni nafaqat bayramlarda, balki kundalik hayotimizda ham targ‘ib qilishimiz, yoshlar qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirishimiz kerak.

Shuningdek, u xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va milliy qadriyatlarni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish ustuvor vazifalardan ekanini qayd etdi.

Seminar davomida milliy liboslarning zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashuvi, ularni ommalashtirish yo‘llari, shuningdek, yoshlar o‘rtasida milliy an’analarga hurmatni kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ochiq muloqot va savol-javoblar jarayoni tadbirning mazmunli va samarali o‘tishiga xizmat qildi.

Yakunda ishtirokchilar milliylikni e’zozlash — o‘zlikni anglash va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashning muhim sharti ekaniga alohida urg‘u berdilar. Bunday ma’rifiy tadbirlar xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri