Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliylik — faqat libos bilan chegaralanib qolmasligi kerak
18:02 / 2026-01-24

Bugun milliylik mavzusi jamiyat hayotida yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

U faqat tashqi ko‘rinish yoki an’anaviy liboslar bilan cheklanib qolmasdan, insonning dunyoqarashi, faoliyati va ma’naviy qiyofasida ham namoyon bo‘lishi lozim. Ana shu g‘oya Jizzax viloyati Zomin tumani axborot-kutubxona markazida “Milliylik — g‘ururimiz” shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot ishlarida o‘z ifodasini topdi.

Tadbir doirasida axborot-kutubxona markazi xodimlarining ish jarayonida milliy liboslarda faoliyat olib borishi ramziy qadam bo‘lishi bilan birga, chuqur ma’no-mazmun kasb etdi. Bu tashabbus orqali milliy qadriyatlarga hurmat faqat bayram yoki bir martalik aksiyalar bilan emas, balki kundalik mehnat, munosabat va mas’uliyatda ham namoyon bo‘lishi kerakligiga urg‘u berildi.

Milliy liboslar — bu shunchaki mato yoki bezaklar majmui emas. Ularda xalqimizning tarixi, dunyoqarashi, nafosati va asrlar davomida shakllangan ma’naviy tajribasi mujassam. Biroq milliylikning asl qiymati faqat libosda emas, balki ana shu merosga bo‘lgan ongli munosabat, uni asrab-avaylash va hayotga tatbiq etishda namoyon bo‘ladi.

Axborot-kutubxona markazida amalga oshirilgan mazkur tashabbus tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, yoshlar qalbida o‘zlikka hurmat, ma’naviy merosga sadoqat va o‘zligimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa milliylikni tashqi ko‘rinishdan ichki mazmunga ko‘chirish yo‘lidagi muhim va ibratli qadam sifatida ahamiyatlidir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA