Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqini barchamiz katta qiziqish va hayajon bilan tingladik.
“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo‘lini qat’iy davom ettiramiz” deb nomlangan ushbu ma’ruzada kelgusi besh yilda milliy rivojlanishimizning yangi bosqichdagi yettita ustuvor yo‘nalish va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan g‘oya bosh mezon sifatida tanlab olingan mazkur strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, xususan, inson qadri oliy qadriyat sifatida ulug‘langani bilan alohida ahamiyatga molikdir.
Darhaqiqat, bundan besh yil avval qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan vaqt davomida mamlakatimizda barcha sohalarda shiddatli islohotlarga qo‘l urilib, eng avvalo, xalqimizni rozi qilish, odamlarning munosib turmush kechirishini ta’minlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar yuksak natijalarni bergani jahon hamjamiyati tomonidan ham haqli ravishda e’tirof etildi. Eng asosiysi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil izchil yo‘lga qo‘yilgani natijasida ijtimoiy-siyosiy hayotimiz erkinlashib, inson omiliga e’tibor har qachongidan ham yuqori darajaga ko‘tarildi.
Shunisi diqqatga sazovorki, o‘tgan besh yilda mamlakatimizda yuz bergan yangilanishlar nafasi har bir shahar va tuman, qishloq va mahallagacha kirib borib, davlat inson uchun, xalq uchun ochildi, aholi bilan bevosita muloqot qilish, uning muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan mutlaqo yangi siyosiy-ijtimoiy tizim yaratildi. Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarorlarining barchasida, eng avvalo, inson qadri, uning haq-huquqlari va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etdi. Davlat tashkilotlari ish faoliyatida “mahallaga tushish”, “xalq ichiga kirish, uning “dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik bo‘lish” va “muammolarni joyida hal etish” tamoyillari asosiy mezonga aylandi.
Prezidentimiz o‘z lavozimiga kirishish marosimidagi ma’ruzasida bundan buyongi faoliyatimiz “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tamoyil asosida tashkil etilishini alohida e’tirof etdi. O‘z navbatida, kelgusi besh yillikdagi islohotlar o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarimiz bilan birga, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilgan holda uzviy davom ettirilishi qayd etildi. Shulardan kelib chiqib, endilikda har bir hudud, soha va tarmoq faoliyatiga ularda fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari qanday ta’minlanayotganiga qarab baho berilishi ma’ruzada alohida aytib o‘tildi.
“Shu munosabat bilan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan da’vatga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak”. Shuning uchun har bir mutasaddi mahalla va tuman hayotini ipidan ignasigacha bilishi shart”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Shuni alohida e’tirof etish kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini yanada takomillashtirish, uning tizimli faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, mahallani demokratik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2020 yil 18 fevralda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda vazirlik huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Fuqarolar yig‘inlari zimmasida mavjud 200 dan ortiq vazifalar soha xodimlari zimmasidan olib tashlandi. 22 mart sanasi “Mahalla tizimi xodimlari kuni” sifatida belgilandi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 700 ga yaqin mahalla idorasi yangidan qurildi, 1 ming 200 ga yaqini esa qayta rekonstruksiya qilindi, 4 ming 300 dan ortig‘i ta’mirlandi. 7 mingga yaqin fuqarolar yig‘ini kompyuter jamlanmasi, 5 mingga yaqini yangi mebel jihozlari bilan ta’minlandi. 4 ming 300 ga yaqin mahalla binolarida kutubxonalar tashkil etilib, 153 ta tuman (shahar) markazida “Mahalla markazi” majmualari foydalanishga topshirildi.
O‘tgan yillar davomida yurtimizda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ning shakllantirilishi ushbu toifadagi aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash imkonini berdi. O‘z navbatida, “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla” tamoyili asosida millionlab oilalardagi muammolar o‘rganilib, ularning aksari ijobiy hal etildi. Natijada yurtimizdagi o‘zgarishlar, sodir bo‘layotgan yangilanishlar va bunga aholining munosabati, ularning kayfiyati, avvalo, mahallada aks etib, mahallada sezila boshladi.
bugungi kunda mahalla tizimida amalga oshirilgan islohotlarning odamlar hayotidagi ahamiyatini oshirish, mahallani aholiga yanada yaqinlashtirish, xususan, "Mahalla raisi — islohotchi” tamoyili asosida joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim shakllanmoqda. Ana shu kabi ezgu ishlar kelgusida ham yangicha mazmun-mohiyat bilan izchil davom ettirilib, mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish, shu maqsadda davlat funksiyalarining katta qismini markazdan hududlarga o‘tkazish, mahalla tizimini hokimliklar bilan bog‘lash uchun har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimini joriy etish, mahallalarda yoshlar masalalari bilan muntazam shug‘ullanadigan Yoshlar ishlari agentligining vakili ham bo‘lishi, tuman byudjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanib, mahallaning alohida jamg‘armasi shakllantirilishi masalalari ushbu sohadagi islohotlar o‘zagini tashkil etishi Taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini topganini ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keksalarning hayot darajasini oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat va ehtirom, izzat-ikrom ko‘rsatish, nuroniylarimizni ijtimoiy himoya qilish, salomatliklarini saqlash, ular uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani barchamizga alohida mamnuniyat baxsh etadi.
Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, mazkur farmon hamda sohaga oid qabul qilingan 10 dan ortiq qonun hujjatlari asosida so‘nggi besh yilda keksa avlod vakillarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash, turli imtiyozlar yaratish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Barcha shahar va tumanlarda “Nuroniylar maskanlari” faoliyat boshladi. Ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni 100 foiz miqdorida, naqd pulda to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi.
2019 yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasi «Keksalar haftaligi» etib belgilandi. Har yili 1 noyabrdan 30 noyabrga qadar “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylandi. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har yili bepul protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari ajratilib kelinmoqda, nuroniylarimizning davolanishlari va salomatliklarini tiklashlari uchun davlat byudjeti hisobidan milliardlab mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.
Muxtasar aytganda, so‘nggi besh yil ichida amalga oshirilgan yangi bosqichdagi islohotlar samarasi nuroniylarimizning real turmush tarzida ham yaqqol o‘z ifodasini topdi.
Taraqqiyot strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli ta’lim-tarbiya masalasida, ayniqsa, nuroniylarimizni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilayotgani diqqatga sazovordir.
Prezidentimiz o‘z nutqida ta’kidlab o‘tganidek: “Keksa avlod vakillariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama e’zozlash – xalqimizning azaliy qadriyatidir. Ana shunday noyob fazilatni asrab-avaylash, farzandlarimizni shu ruhda tarbiyalash – barchamizning muqaddas burchimizdir. bugungi globallashuv davrida, pandemiya va iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan og‘ir bir sharoitda dunyoning ayrim hududlarida keksalar o‘z muammolari girdobida yolg‘iz qolib ketayotgani ham sir emas. Shuning uchun muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish, sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Toki bu hurmatli insonlar o‘zlarining oila va jamiyat hayotida munosib o‘rni borligini doimo his qilib yashasinlar”.
Kelgusi besh yil uchun Taraqqiyot strategiyasida ana shu maqsadlar yo‘lida nuroniylarimizning ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish, umuman, har bir tumanda faxriylarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini kengaytirish uchun alohida dasturlar tuzib, amalga oshirilishi nazarda tutildi.
Shuningdek, jamiyatimizda mehr-oqibat, muruvvat va saxovat tamoyillarini yanada mustahkamlash maqsadida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi, eng muhimi, bu tizim amalda ishlashi va ushbu toifadagi insonlar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi, deb his etishlariga erishish zarurligi belgilandi.
Jahon tajribasidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni kafolatli ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash uchun ularga aniq kvotalar belgilash bo‘yicha amaldagi qonunchiligimizga tegishli o‘zgartirishlar kiritish vazifasi ham Taraqqiyot strategiyasida ustuvor o‘rin egalladi.
Umuman, milliy rivojlanish yo‘lida o‘tgan davrda orttirilgan tajribamizga tayangan holda, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida barcha soha va tarmoqlar, mintaqa va hududlar, xususan, har bir mahalla bo‘yicha oldimizga yanada yuksak vazifalar qo‘yilmoqda.
Mazkur ulug‘vor maqsad va g‘oyalarni amalga oshirish, yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va baxt-saodati yo‘lida izchil olib borilayotgan, hech qachon ortga qaytmaydigan hayotbaxsh islohotlar samaradorligini ta’minlash yo‘lida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 3 million nafarga yaqin nuroniy-keksalar ham tashabbusni qo‘lga olib, bir yoqadan bosh chiqarib, ahillik va hamjihatlikda, faol sa’y-harakatlarni amalga oshiraveradilar.
Prezidentimiz iborasi bilan aytganda: “Yangi O‘zbekistonni birgalikda albatta barpo etamiz!”.
Sodiqjon TURDIEV,
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni.