Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy valyutamiz – davlatimiz ramzi, iftixorimiz
10:44 / 2017-06-30

1-iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun

1-iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun

6 (2).jpgDavlatimiz mustaqilligining muhim ramzlaridan biri bo‘lgan milliy valyutamiz mamlakatimizda yashayotgan har bir inson uchun iftixor timsoli. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Milliy valyuta – milliy iftixor, davlat mustaqilligining ramzi, suveren davlatga xos belgidir».

Darhaqiqat, O‘zbekiston mustaqilligi, o‘z milliy valyutasiga ega ekani xalqimizning ulkan yutug‘i. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1994-yil 16-iyundagi farmoniga muvofiq muomalaga kiritilgan milliy pulimiz – so‘m bizga ana shunday imkoniyatni hadya etgan. 1994-yil 1-iyul mamlakatimiz solnomasida tarixiy sana. Shu kuni milliy valyutamiz – so‘m yurtimiz hududida yagona to‘lov vositasi sifatida muomalaga kiritilgan.

Jahon tajribasidan ma’lumki, milliy valyutani joriy etish ko‘p hollarda iqtisodiy inqirozga, narxlarning o‘sib ketishi va mahsulotlar tanqisligiga sabab bo‘lgan. Mamlakatimizda so‘mni muomalaga kiritishda bunday holatlarning oldini olish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Milliy taraqqiyot tamoyillariga muvofiq bu jarayon ham bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan izchil islohotlar va betimsol yangilanishlar haqida so‘z borganda, iqtisodiyotimizning rivojlanishi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro mutanosibligi, inflatsiya darajasining pastligi, aholi farovonligi yuksalayotgani bilan bir qatorda milliy valyutamiz barqarorlashib, bank tizimi tobora mustahkamlanib borayotganini faxr bilan tilga olamiz.

Mamlakatimizda yangi pul birligiga o‘tishda xalq manfaatlari himoyasi alohida e’tiborga olindi. Buni milliy valyutani joriy etishga tayyorgarlik bosqichi sifatida so‘m-kuponga o‘tishdan boshlab kuzatish mumkin. Mamlakatimizda so‘m-kupon muomalaga kirishi bilan chetdan kirib kelayotgan, qadrini yo‘qotgan pulning yo‘li to‘sildi. Xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan arzon mahsulotlarning boshqa respublikalarga «oqib ketishi»ning oldi olindi. Shu bilan birga, daromadlarini eski pulda jamg‘arib kelgan aholiga uni almashtirish uchun imkoniyat yaratildi.

So‘mning muomalaga kiritilishi Vatanimizda samarali pul-kredit tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadam, iqtisodiy mustaqillikka erishishga yo‘naltirilgan asosiy vositalardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston o‘z milliy valyutasining barqarorligi va mustahkamligiga chetdan qarz olmasdan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, mavjud zaxiralardan oqilona foydalanish orqali erishdi.

So‘nggi yillarda «Mudis», «Standart end Purs» va «Fitch reytings» xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz bank tizimi faoliyatini «barqaror» deb baholamoqda. Bu davlatimiz iqtisodiy salohiyati xalqaro ekspertlar tomonidan tan olinganligining dalilidir. Bugungi kunda mamlakatimizdagi deyarli barcha tijorat banklari yuqori reyting darajasiga ega.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan barqaror iqtisodiyotning asosi mustahkamlanmoqda. Iqtisodiyotning yangi tarmoqlariga asos solinmoqda. Kichik sanoat zonalari, yangi korxonalar zamonaviy, yuqori unumli texnika va texnologiyalar bilan jihozlanayotir. Bozorlarimizni mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar egallamoqda. Raqobatbardosh mahsulotlarimiz dunyo bozorlariga eksport ham qilinmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishida milliy valyuta va narxlarning barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, turizm industriyasini jadal rivojlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish nazarda tutilgan.

So‘mning xarid narxini oshirish maqsadida ichki bozorni yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, mamlakatimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, pul-kredit siyosatining izchilligini, iste’mol mollari bilan naqd pul mutanosibligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani barcha sohalarda o‘z samaralarini bermoqda.

Shu yil 10-mart kuni 10000 so‘mlik kupyura muomalaga chiqarildi. Mazkur kupyuraning muomalaga chiqarilishi mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Milliy valyutadan hammamiz har kuni foydalanamiz. Uni ko‘rganda qalbimizda milliy g‘ururimiz jo‘sh uradi. Zero, pulimiz nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratining, balki xalqimiz ma’naviy, ma’rifiy va madaniy salohiyatining ko‘zgusidir. Uni qo‘liga olgan kishining qadim Samarqanddagi Registon maydoni, Tillakori, Sherdor madrasalari, Amir Temur maqbarasi kabi tarixiy obidalar, poytaxtimizdagi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi binolari, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri, «Istiqlol» san’at saroyi, Amir Temurning ulug‘vor haykali tasvirlariga ko‘zi tushadi. Bu tasvirlar mamlakatimizning o‘ziga xos «tashrif qog‘ozi»ga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bularning barchasi xalqimizda, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodda milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Milliy valyutamiz mamlakatimiz salohiyatini yanada yuksaltirish bilan birga, xalqimizning g‘urur-iftixorini, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.