Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy valyutadagi kreditlar ulushi 61 foizga yetdi
08:50 / 2026-02-20

O‘zbekiston bank tizimida muhim tendensiya kuzatilmoqda. Milliy valyutadagi kreditlar ulushi izchil oshib bormoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshiga kelib kredit portfeli tarkibida milliy valyutadagi kreditlar ulushi 61 foizni tashkil etdi. Bu 2024-yildagi 55 foizga nisbatan sezilarli o‘sishni anglatadi.

Qayd etilishicha, milliy valyutada kreditlash ulushining ortishi moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Avvalo, bu valyuta xavflarini kamaytiradi, qarz oluvchilarni kurs tebranishlaridan himoya qiladi va iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini qisqartirishga yordam beradi.

Kreditlar tarkibida milliy valyuta ulushining bosqichma-bosqich o‘sishi pul-kredit siyosati samaradorligini oshiradi va ichki moliya bozorini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Milliy valyutadagi kreditlarning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aholiga ajratilayotgan ipoteka, iste’mol va avtokreditlar ichki bozorda talabni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bu jarayon uy-joy qurilishi, savdo va xizmatlar sohasida aylanmani kengaytirib, iqtisodiyotda multiplikativ ta’sirni kuchaytirmoqda.

Chet el valyutasidagi kreditlar esa asosan korxonalarga yo‘naltirilmoqda. Ular eksport-import operatsiyalari, texnologiya va uskuna xaridi, investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun xizmat qilmoqda. Bu esa tashqi iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ajratilgan kreditlarning 88 foizi uzoq muddatli ekani alohida ahamiyatga ega. Bu investitsion loyihalar, ipoteka dasturlari va biznesni uzoq muddatli rivojlantirishga ustuvorlik berilayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi ikki yilda tijorat banklari kredit portfeli izchil o‘sdi. 2026-yil boshiga kelib umumiy kredit portfeli 604 trillion so‘mdan oshdi. Bu 2024-yilga nisbatan qariyb 28 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

Markaziy bank bu o‘sishni ichki talab va investitsiya faolligi kuchayib borayotgani bilan izohlamoqda. Bank tizimi likvidligi va kapitallashuv darajasi saqlanib qolayotgani esa kreditlash jarayonlarining barqarorligidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, milliy valyutada kreditlash ulushining 61 foizga yetishi moliya bozorida sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Bu nafaqat valyuta xavflarini kamaytirish, balki ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan ham muhim ko‘rsatkichdir.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA