Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, milliy valyutadagi kredit stavkalari so‘nggi uch oy davomida izchil ravishda o‘sishda davom etmoqda. Joriy yil yanvar oyida so‘mda ajratiladigan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavkasi (imtiyozli kreditlar hisobga olingan, mikrokredit va kredit kartalarisiz) 21,8 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yil fevral oyidan buyon eng yuqori daraja hisoblanadi.
Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar o‘rtacha 21,6 foiz stavka bilan taklif etilmoqda. Bu o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foiz bandga, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan esa 1 foiz bandga yuqori. Uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,8 foizni tashkil etib, yillik hisobda 0,9 foiz bandga pasaygan.
Jismoniy shaxslarga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 21,2 foizgacha tushdi. Bu dekabr oyiga nisbatan 0,2 foiz bandga, yillik kesimda esa 1,8 foiz bandga kamaygan. Qisqa muddatli iste’mol kreditlari 27,2 foiz (-0,6 foiz), uzoq muddatli kreditlar esa 21,1 foiz (-0,2 foiz) darajada shakllangan.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar uchun kreditlar qimmatlashib, o‘rtacha 22,2 foizga yetdi. Oylik o‘sish 0,6 foiz bandni, yillik o‘sish esa 0,8 foiz bandni tashkil etdi. Qisqa muddatli korporativ kreditlar 21,5 foiz (+0,8%), uzoq muddatlilari esa 22,7 foiz (+0,5foiz) darajasida qayd etildi.
Inflyatsiya kutilmalarini hisobga olgan holda, aholi uchun haqiqiy foiz stavkasi 9 foizni, biznes uchun esa 10,3 foizni tashkil qildi. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 1,5 va 2,7 foiz bandga oshgan.
Yanvar oyi yakuniga ko‘ra, tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,8 foizni tashkil etdi. Bu dekabr oyiga nisbatan 0,2 foiz bandga yuqori bo‘lsa-da, yillik hisobda 0,3 foiz bandga pasayish qayd etilgan.
Bozor shartlarida aholiga berilayotgan kreditlar 22,1 foiz (+0,1%), qisqa muddatli kreditlar esa 28,3 foiz (-0,1%) bilan taklif etilmoqda. Korporativ segmentda o‘rtacha stavka 23,4 foiz (+0,3%)ni tashkil etdi. Uzoq muddatli korporativ kreditlar 24 foizgacha (+0,8%) oshgan bo‘lsa, qisqa muddatlilari 22,6 foizgacha (-0,1%) pasaygan.
Inflyatsiyadan tozalangan holda, aholi uchun tijorat kreditlari bo‘yicha haqiqiy stavka 9,8 foizni tashkil etdi (yil davomida +1,6 foiz band). Biznes segmentida esa bu ko‘rsatkich qariyb 3 foiz bandga oshib, 11,3 foizga yetgan.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 11,6 foizni tashkil etdi. Bir oy ichida 1,4 foiz bandga, yil davomida esa 0,5 foiz bandga o‘sish kuzatilgan. Aholi uchun imtiyozli kreditlar 11,9 foiz (+0,5%), biznes uchun esa 11,3 foiz (+1,5%) darajasida belgilangan.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha haqiqiy stavkalar so‘nggi yillardagi eng yuqori darajaga chiqdi: aholida 0,6 foiz, yuridik shaxslarda 0,5 foiz. Bir oy oldin ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda -0,1 va -1,1 foizni, bir yil avval esa manfiy 2 foizni tashkil etgan edi.
Chet el valyutasidagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 10 foiz darajasida saqlanib qoldi. Bu o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 0,2 foiz bandga past. Qisqa muddatli valyuta kreditlari o‘tgan oktabrdan buyon eng past darajaga tushib, 9,6 foizni (-0,5 foiz oylik, -0,9 foiz yillik) tashkil etdi. Uzoq muddatli valyuta kreditlari esa 10,1 foizgacha (+0,2%) oshgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA