Milliy va Olimpiya termalarimiz yigʻinda, oʻsmirlarimizdan ajoyib natija, futzal va ayollar futboliga oid yangiliklar
Xabaringiz bor, sentyabr oyida qitʼamizda 2022-yili Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga ikkinchi saralash bosqichi oʻyinlari start oladi.
Xabaringiz bor, sentyabr oyida qitʼamizda 2022-yili Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga ikkinchi saralash bosqichi oʻyinlari start oladi. Milliy terma jamoamiz saralash uchrashuvlarini “D” guruhida Saudiya Arabistoni, Falastin, Yaman hamda Singapur termalariga qarshi oʻtkazadi.
Terma jamoamizning saralashdagi ilk oʻyini safarda Falastinga qarshi boʻlib oʻtadi. Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz mazkur uchrashuvga tayyorgarlik doirasida 28-avgustdan poytaxtimizda yigʻin boshladi. Ayni paytda jismoniy va texnik tayyorgarlik boʻyicha mashgʻulotlarga zoʻr berayotgan futbolchilarimizning yigʻini 3-sentyabrga qadar davom etadi.
Olimpiya terma jamoamiz ham ayni paytda Toshkentda oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib boryapti. Lyubinko Drulovich boshqaruvidagi olimpiyachilarimiz mazkur yigʻin doirasida 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazishi koʻzda tutilgan. Har ikki uchrashuvda ham futbolchilarimizga Eron olimpiya terma jamoasi raqib boʻladi. Dastlabki uchrashuv 6-sentyabr kuni Olmaliq, ikkinchisi esa 9-sentyabr sanasida “Paxtakor” stadionida oʻtkaziladi. Har ikki oʻyin ham soat 19:00 da boshlanadi. Olimpiyachilarimizning yigʻini 10-sentyabrga qadar davom etadi.
Oʻsmirlar (U-16) terma jamoamiz joriy yilning 16-22-sentyabr kunlari Toshkentda oʻtadigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etishidan xabaringiz bor. Mazkur musobaqaga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Azamat Abduraimov shogirdlari bir qator oʻrtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushmoqda. Jumladan, 20-26-avgust kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida oʻtgan “Star Way” nomli Valentin Ivanov xotira turnirida ishtirok etdi. Yosh futbolchilarimiz avvaliga serbiyalik tengdoshlarini 3:0 hisobida magʻlub etdi, soʻngra mezbonlar – Rossiya oʻsmirlar termasi bilan durang oʻynadi (0:0). Yakunda Oʻzbekiston terma jamoasi 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Musobaqa gʻolibligi turkiyalik futbolchilarga nasib etdi. Serbiya 3-oʻrinni, mezbon Rossiya esa 4-pogʻonani band etdi.
Futzal boʻyicha terma jamoamiz ayni paytda Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida oʻtkazilayotgan“ Chkalov Kubogi” xalqaro turnirida ishtirok etmoqda. Mazkur musobaqa futzalchilarimizga shu yilning oktyabr oyida boʻladigan Osiyo chempionati-2020 saralash bahslariga puxta hozirlik koʻrish imkonini berishi bilan ham muhimdir. Bahodir Ahmedov shogirdlari uchinchi bor tashkil etilayotgan mazkur turnirda Rossiya U-19 terma jamoasi, “Spartak” (Moskva) hamda “Orgxim” (Nijniy Novgorod) futzal klublariga qarshi bahs olib boradi. Terma jamoamiz ilk oʻyinni “Orgxim“ klubiga qarshi oʻtkazdi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
27-avgustdan ayollar terma jamoamiz ham Toshkentda navbatdagi yigʻinini boshladi. Bahrom Norsafarov shogirdlari yigʻin davomida Hindiston ayollar terma jamoasi bilan ikki bor xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishi rejalashtirilgandi. Kecha mazkur rejadagi oʻyinlarning dastlabkisi oʻynaldi. FIFA reytingida hisobga olinuvchi mazkur oʻyinlarning birinchisida futbolchi qizlarimizning qoʻli baland keldi. Poytaxtdagi “Toʻqimachi” stadionida oʻtkazilgan oʻyinda qizlarimiz raqiblarini yirik – 5:1 hisobida magʻlub etdi. Gollarga Lyudmila Karachik, Maftuna Shoyimova, Nilufar Qudratova, Umida Zoirova va Oʻgʻiloy Qoʻchqorovalar mualliflik qildi.
Yigʻin 5-sentyabrgacha davom etadi. Shundan keyin termamiz 6-13-sentyabr kunlari Qirgʻizistonning Qorakoʻl shahrida oʻtkaziladigan “Umid kubogi-2019” xalqaro turnirda ishtirok etish uchun safarga otlanadi.