French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Milliy tiklanish sari dadil qadamlar
13:37 / 2025-10-31

Toshkent viloyatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi joriy yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha faoliyati tahlil qilindi.

Xususan, partiya viloyat Kengashi tomonidan hisobot davrida milliy g‘oya va qadriyatlarni targ‘ib etish, yoshlar hamda xotin-qizlar faolligini oshirish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘nalishlarida muhim natijalarga erishildi. Viloyat Kengashi tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan partiya safini kengaytirish, yangi a’zolarni jalb etish ishlari tizimli asosda yo‘lga qo‘yildi.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida maqsadli targ‘ibot ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan. “Uyma-uy” loyihasi doirasida 244 ta xonadonga borilib, 232 nafar yoshning muammolari o‘rganildi. Natijada 48 nafar yoshning bandligi ta’minlandi, bir qator murojaatlar esa deputatlar nazoratiga olindi.

“Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, sport, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda 6 ta kasb-hunar to‘garaklari tashkil etilib, 72 nafar ayol bepul o‘qishga jalb qilindi. Jami 204 ta tadbir o‘tkazilib, 5 496 nafar ayol qamrab olindi. Ushbu loyihaning Yoshlar yo‘nalishida 7 ta bepul to‘garak tashkil etilib, 28 nafar uyushmagan yoshlar ingliz va rus tili, tarix hamda adabiyot fanlari bo‘yicha ta’lim oldi.

Partiya “Ayollar qanoti” tomonidan ham faol sa’y-harakatlar qilindi. Faollar tomonidan Prezident farmonlari va davlat dasturlarining ijrosini yoritish, deputatlar faoliyatini ommaga yetkazish, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini targ‘ib qilishda ishtirok etmoqda.

Mutaxassislar qayd etishicha, yil boshidan shu kungacha Toshkent viloyati Kengashiga 816 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 295 tasi ijobiy hal etilgan, 237 tasi tegishli tashkilotlarga yuborilgan, 284 tasi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan. Ko‘pchilik murojaatlar bandlik, kommunal xizmat, uy-joy, ijtimoiy himoya va kredit masalalariga oid bo‘ldi. Joylarda “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Ayol deputat bilan uchrashuv”, “Mahorat darsi”, “Til posbonlari” kabi loyihalar doirasida uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. 

Partiya jamoasi o‘zaro muloqotlarda xalq farovonligi, yurtimiz milliy qadriyatlarini targ‘ibot qilishda davom etmoqda.

A. Musayev, O‘zA